Madhiyamiz misralarida qudrat mujassam
Dunyoda ona allasini bebaho deyishadi, sehrli va jozibador qo‘shiq deb bilishadi. Darhaqiqat, shunday. Chunki u biz beshikdaligimizdayoq qulog‘imizga onamizning mayin ovozi bilan quyiladi, ruhimizga joylashadi. U orqali orom olamiz. Shu sababli unga mehrimiz beqiyos. Mittiligimizdan u bizning hamrohimiz bo‘ladi. Ulg‘ayib borganimiz sari turli navo-kuylarni, qo‘shiqlarni ajrata boshlaymiz. Qo‘shilib hirgoyi qilamiz.
Shular orasida davlatimiz madhiyasi alohida o‘ringa ega. Bog‘chaga chiqqanimizda, maktabga ilk qadam qo‘yganimizda biz madhiya haqida ko‘proq anglay boshlaymiz. U Vatanimiz qo‘shig‘i ekanligini, uni ijro etishda belgilangan tartibga rioya etishimiz kerakligini, u jarang sochayotganda qo‘limiz ko‘ksimizda bo‘lishi lozimligini ustozlarimiz uqtirib borishadi.
Madhiya – davlatni yoki kishini madh etish maqsadida musiqa va so‘z ijrosida yaratilgan asar. O‘zbekiston madhiyasi Davlat bayrog‘i va gerbi qatoridagi muqaddas davlat ramzlaridan biri hisoblanadi. Unda xalqning asriy orzu-umidlari, ruhiyati va qudrati mujassam. Unda yurt ulug‘lanadi, madh etiladi.
Davlat rahbarining xorijiy o‘lkalarga tashrifi chog‘ida, xalqaro maydonlarda yurt o‘g‘il-qizlari zafar quchganida, mamlakatda katta tadbirlar debochasida madhiyamiz yangrab, Davlat bayrog‘i ko‘tariladi.
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon.
Yashnagay toabad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon...
Ushbu misralar bilan boshlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi jarang sochib, bayrog‘imiz boshimiz uzra hilpiraganda, shu yurtning har bir farzandi qalbida ona-Vatanimizga nisbatan iftixor uyg‘onadi, yurak zarblari tezlashadi. Madhiya faqat maqtash uchungina yaralmaydi, madh etmoq uchungina kuylanmaydi, balki u orqali e’tiqodimiz ifodalanadi.
U kuylanganda qalbimiz ezgulikka, bunyodkorlik orzusiga, ishonchga to‘ladi. Uning har satri, har so‘zi xalq ichidan olingan, unda qudratli ruh mujassam.
Z.KARIMOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari.