Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Magnit bo‘ronlari kuzatilmoqda, undan qanday himoyalanish kerak? 

Shu kunlarda yurtimizda anomal issiq harorat hukm surmoqda. Buning ustiga, quyoshda kuchli chaqnash yuz berib, magnit bo‘ronlari kuzatilyapti.

Xususan, AQShning Milliy Aeronavtika va Fazo ma’muriyati (NASA) bergan ma’lumotga ko‘ra, chaqnash natijasida Yer sayyorasiga juda ko‘p miqdordagi quyosh zarralari tushib, ular magnitosfera bilan to‘qnashgach, G2 yoki G3 sinfidagi geomagnit bo‘ronini keltirib chiqaradi.

Quyosh zarralari sayyoramizga bugun ,19 iyul kuni yetib kelishi va geomagnit hodisasi 20 va 21 iyulda ham davom etishi prognoz qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish lozimligi to‘g‘risida tavsiya berdi:

- Magnit bo‘ronidan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi, — deydi mutaxassis. — Ya’ni, qon bosimining oshib yoki pasayib ketishi ular salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta’minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishining kamayishi bilan izohlanadi.

Qolaversa, magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.

Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish va ko‘proq suyuqlik ichish lozim.

Ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan ne’matlardan iste’mol qilish zarur. Bu anomal issiq harorat uchun ham mos tavsiyadir.

Magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog‘li, achchiq, sho‘r taomlar iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi.

Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham maqsadga muvofiq. O‘z navbatida, mutaxassislar ortiqcha zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlar bilan vaqtincha shug‘ullanmaslikni maslahat beradi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

Kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi.