Mahalla «Oltin baliqcha» emas. Ammo...

Bugungi kunda aksariyat mahalla fuqarolar yig‘inida asosiy muammolardan biri ayrim fuqarolarni boqimandalik kayfiyatidan qutqarish, bu tushunchani butunlay bartaraf etishdan iborat bo‘lib qolyapti. Negaki...

Xalq qabulxonalariga bildirilayotgan murojaatlarning aksariyatini moddiy yordam so‘rash, nafaqa puli tayinlash, uy ta’miriga, to‘y o‘tkazishga yordamlashish kabi masalalar tashkil etyapti.

Misol uchun, Oqdaryo tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga 2020 yil mobaynida viloyat va tuman Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 400 dan ziyod arizaning 80 foizi shu mazmundagi murojaatlardan iborat. Mahallalardagi ayrim oilalar boqimandalikka shunchalik o‘rganib qolishganki, “Temir daftar”dagilar ro‘yxatiga kirish uchun mahalla oqsoqoli va jamoatchilik komissiyasi a’zolari bilan dahanaki jang qilishgacha boryapti. Ularga “oilangizning daromadi bu yil talabdagi me’yordan oshgan, endi bu ro‘yxatdan chiqarilasiz”, deb ko‘ring-chi, baloga qolasiz. Shikoyat, arizabozlik boshlanadi.

Beixtiyor o‘ylanib qolasan kishi. Nahotki, bunday odamlar bir umr nochorlar ro‘yxatida turish, yordam puli olishni xush ko‘rsa?!

Yaqinda viloyatning olis tumanidagi mahallalardan birida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayollar mahalla oqsoqoliga shunday talab qo‘ydi: “Qani kam ta’minlangan oilalarning ro‘yxatini o‘qib bering-chi, ular bizlardan ham xarob yasharmikan?” Ro‘yxatga kiritilgan 40 ta oilaning nomi o‘qib berildi.

Masalaga boshqa tomondan nazar soladigan bo‘lsak, viloyat, respublikamiz bo‘ylab “Bizning mahallamizda kambag‘al oila bo‘lmaydi”, degan shior amalga oshirilayotgan bir paytda bitta mahallada 40 ta kam ta’minlangan oilaning mavjudligi juda achinarli, mulohaza yuritishga undaydigan holat.

Mahalla jamoasining asosiy muammolaridan yana biri murojaat xatlarini yopish va moddiy talabgorlarga homiy izlashdan iborat. Aslida har qanday moddiy yordam – bu ehson. U janjal yoki shikoyat yozish bilan olinmaydi, balki chin ko‘ngildan hadya qilinadi.

Ota-bobolarimiz o‘zgadan yordam so‘rashdan, oilasidagi kamchiliklarni birovga oshkor etishdan hamisha or qilgan.

Endi tanganing orqa tomoniga ham bir nazar tashlaylik. Ayollarning mahallaga yordam so‘rab borishiga yana bir sabab borga o‘xshaydi. Ayrim fuqarolar yig‘inlari raislari kam ta’minlanganlar uchun davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ni oshna-og‘aynisi, tanish-bilishiga tiqishtirishga urinadi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, bu holatdan xabar topganlar yuqoriga ariza yozishga, oqsoqolning ustidan shikoyat qilishga tushadi. Ayrim hollarda esa nafaqa puli tayinlashdagi ortiqcha rasmiyatchilik, mutasaddi idoralarning nochor oiladagi ahvolni yaxshi bilmasdan qaror chiqarishi xotin-qizlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Qo‘liga bir kunlik yeguligini tugib olib, fermerlarning dalasiga otlangan xotin-qizlar, bir tog‘ora somsani pishirib, tong sahardan idora-tashkilotlarni aylanib sotib yurgan ayollar, velosipediga asbob-anjomlarini ortib mardikorlikka ketayotgan ustalar, bozorda yuk tashiyotgan yigitlarni ko‘rganingda, ularni to‘xtatib beixtiyor rahmat aytging keladi kishi.

Ota-onasi, eri yoki xotini, mahalla, qolaversa, vataniga boqimanda bo‘lmasdan mehnat qilayotgan, ro‘zg‘orini eplab, boriga shukur qilib yashayotganlar doim omon bo‘lsinlar. Ro‘zg‘or tashvishlariga dosh berolmay, bolasini enaga-yu, mehribonlik uylariga topshirib, alimentni erining bo‘yniga ilib, o‘zlari chetga ketayotgan juvonlar yoxud oila va bolani boqishdan ko‘ra, ularni yomonotliq qilib ko‘chaga haydayotgan erkaklar yonginasida halol mehnat qilayotgan fidoyi insonlardan o‘rnak olsalar qaniydi?!

Mahalla “oltin baliqcha” emas. U hammaning istagini birdan muhayyo qila olmaydi.

Yormamat Rustamov.