Mahalla raisining vijdoni uyg‘oq, tafakkuri yuksak, dunyoqarashi keng bo‘lishi kerak

Mahallani o‘ziga xos kichik mamlakat deyish mumkin. Chunki uning o‘z hududi, chegarasi, aholisi va o‘ziga yarasha muammolari bor. Jumladan, viloyatimizdagi mavjud 1097 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘ziga yarasha muammo, kamchiliklar yo‘q emas.

Jumladan, joriy yilning boshida viloyatimizda 37 mingdan ortiq kambag‘al oila mavjud edi. Faoliyatimizning dastlabki kunlaridan asosiy e’tiborni shu oilalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga, odamlarni ish bilan ta’minlashga, xotin-qizlarni kasbga o‘qitishga qaratdik.

Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini reyting asosida baholashda mazkur yo‘nalishlarni eng asosiy mezon sifatida belgilab oldik. Reyting baholashning yakuniy natijalariga ko‘ra, mavjud 1097 fuqarolar yig‘inidan 226 tasi yoki 20,6 foizining faoliyati «namunali» baholandi. 504 (45,9 foiz) mahalla faoliyati «yaxshi» hamda 338 (30,8 foiz) fuqarolar yig‘inining faoliyati «qoniqarli» bo‘ldi. 29 (2,6 foiz) mahalla faoliyati esa «qoniqarsiz» baho olgan.

Viloyat bandlik boshqarmasining tuman hamda shaharlardagi hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda uyma-uy yurish orqali o‘zini o‘zi band qilishni ta’minlash maqsadida yordamga muhtoj oilalar, xotin-qizlar ahvoli atroflicha o‘rganib chiqildi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jami 73 ming 619 nafar shunday fuqaro aniqlandi. Shuningdek, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 954 mahalla ro‘yxati shakllantirildi.

Barcha muammolarning bosh ildizi - ishsizlik

Aytish joizki, mahallalar va oilalardagi muammolarning bosh ildizi - ishsizlik. Shuni hisobga olgan holda asosiy e’tiborni mazkur masalaga qaratdik.

Ayollarni kasbga o‘qitish bo‘yicha jami 4 ming 433 nafar talabgor ro‘yxati tuzilgan bo‘lsa, shundan 1 ming 312 nafari kasb o‘rganish istagini bildirgan xotin-qizlar, 346 nafari esa tadbirkorlik qilish maqsadida biznes-loyihalarini taqdim etgan ayollardir. Bu ayollar uchun mahalla binolari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar maktablarida alohida o‘quv xonalari tashkil etildi. Mazkur o‘quv markazlarida 1 ming 797 nafar ishsiz xotin-qiz o‘qitilib, ularga tegishli malaka va ko‘nikma berildi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalardagi 1 ming 156 nafar ayolga 25,6 milliard so‘mdan ziyod, shu jumladan, hunarmandchilik uchun 55 nafar xotin-qizga 7 milliard 909 million so‘m, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz 69 nafar ayolga 1,5 milliard so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan.

Aniqlangan 47 ming 770 kambag‘al oilaning har biri bilan individual suhbat o‘tkazish, ularning holati, imkoniyat va qiziqishlarini o‘rganish asosida har bir mahallada manzilli ishlarni tashkil etishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi. Unga muvofiq, viloyatdagi ehtiyojmand oilalardagi 2 ming 517 nafar kam ta’minlangan, 2 ming 139 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda 9 nafar mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan fuqarolar bandligi to‘la ta’minlandi.

Komissiyalar endi qog‘ozda emas, amalda ishlayapti

Ilgari qog‘ozda «faoliyat» ko‘rsatgan qator komissiyalar tugatildi. Viloyatdagi barcha mahallalarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu komissiyaga psixologlar, din ulamolari, nuroniy onaxon va otaxonlar jalb qilindi. Mazkur komissiyalar ishtirokida yig‘inlarda to‘y-hashamlar, tavallud kunlar va marhumlar xotirasi bilan bog‘liq marosimlarni ixchamlashtirish, isrofgarchilik hamda bid’at va xurofotlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.

Viloyatimizning har bir tuman va shahrida «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi” faoliyat yuritib kelmoqda. Bu markazlar orqali bugungacha 300 nafar shaxsga psixologik, 67 nafar kishiga tibbiy, 253 nafar fuqaroga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

Xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilinishini ta’minlash maqsadida oilalarda ushbu holatlarni sodir etishga urinish aniqlanganda, mahalla faollari tomonidan profilaktika inspektoriga xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 321 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berildi. ajralish yoqasiga kelib qolgan 552 oila yarashtirildi, 885 oilaning nikohi qonuniylashtirildi.

Ha, degan tuyaga madad

Hozirgi kun holatida 75 ming 414 oilaga 56 milliard 415 million so‘m miqdorida ko‘mak ko‘rsatildi. Shundan 25 ming 165 oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 274 oilaga naqd pul, 416 oilaga dori-darmon, 1 ming 573 oilaga chorva mollari berildi. Shuningdek, 898 oilaga salkam 1,5 milliard so‘m miqdorida boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Prezidentimizning 2020 yil 26 avgustdagi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 31 ming 760 ta ehtiyojmand oiladagi 71 ming 660 nafar 16 yoshga to‘lmagan bolaga bir martalik pul tarqatildi. To‘g‘ri, bu yordamlar oila uchun unchalik katta mablag‘ bo‘lmasligi mumkin. Ammo xalqimizda «Ha, degan tuyaga madad» degan maqol bor. Pandemiya sharoitida iqtisodiy nochor oila uchun berilgan ozgina mablag‘ ham uning har bir a’zosi ko‘nglini tog‘day ko‘taradi.

«Bir mahalla - bir mahsulot»

Viloyatda «Bir mahalla - bir mahsulot» tamoyili asosida 96 ta mahallani ixtisoslashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 83 mahallada bu ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, sabzovotchilikka 8 ta, kartoshkachilikka 22 ta, bog‘dorchilikka 45 ta, chorvachilikka 16 ta, limonchilik va parrandachilikka bittadan mahalla ixtisoslashtirildi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanida beshta mahalladagi 489 gektar yer qulupnaychilikka, Ishtixon tumanida oltita mahalladagi 1 ming 393 gektar yer va Payariq tumanida to‘qqizta mahalladagi 595 gektar yer uzumchilikka, Jomboy tumanida to‘rtta mahalladagi 218 gektar yer kartoshkachilikka ixtisoslashtirilmoqda.

Ekish ishlarini o‘z vaqtida sifatli qilib tugallash hamda yerdan samarali foydalanish, kamida 2-3 marta hosil olish bo‘yicha barcha tumandagi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bunda mahalla raislarining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining mutasaddi tashkilotlar quyi tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash, vazifalarini aniq belgilash, o‘zaro ma’lumot almashinuvini ta’minlash tizimini joriy etishga e’tibor qaratilmoqda. Mahalla xonadonlarida chorvachilik bilan shug‘ullanadigan xonadonlar soni 458 ming, parrandachilik bilan 179 ming, quyonchilik bilan 58 ming, asalarichilik bilan 7,5 ming, baliqchilik bilan 830 dan ziyodni tashkil etadi.

Boshpanasiz yig‘inlar masalasi nima bo‘lyapti?

Boshqarma tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini bino bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020-2022 yillarda qurilishi rejalashtirilgan 108 ta mahalla binosidan 98 tasida ishlar davom etmoqda.

O‘z xizmat binosiga ega bo‘lmagan 140 ta (shu jumladan, mahalla raisining shaxsiy xonadonida faoliyat ko‘rsatayotgan 4 ta, qo‘shni mahalla binosida joylashgan 6 ta) fuqarolar yig‘inlarini hududdagi yetarli sharoitga ega bo‘lgan bo‘sh binolarga joylashtirish hamda binolarni mahalla balansiga o‘tkazib berish, samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda. Tuman (shahar) hokimliklari bilan hamkorlikda 442 mahallaga kompyuter jamlanmasi berildi. Kompyuter texnikasi ishlamaydigan yig‘inlarning 416 tasiga zarur texnik uskunalar, 299 mahalla mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

* * *

Keyingi yillarda mahalla raislarining maqomi oshirilib, vakolatlari kengaytirildi. Endi mahalla raisining asosiy vazifasi qonunchilikda o‘ziga yuklatilgan vakolatlardan to‘g‘ri foydalanib, faollarni, butun mahalla ahlini xayrli ishlarga safarbar etish, orqasidan ergashtira olish. Shuning uchun biz «Mahalla raisi qanday bo‘lishi kerak?» degan savolga eski qolipdagi javobni, uning faoliyati mazmuniga nisbatan avvalgi tushunchamizni mutlaqo o‘zgartiryapmiz. Mahalla raisi, avvalo, jamiyat oldiga qo‘yilayotgan maqsad va ustuvor vazifalarni o‘zi rahbar bo‘lgan hududda amalga oshirish uchun shijoat, aql-idrok, vazminlik, teranlik va donishmandlik xislatlariga ega bo‘lishi lozim.

Buning uchun nima qilish kerak? Birinchi navbatda, mahalla raisining doimo vijdoni uyg‘oq, tafakkuri yuksak va dunyoqarashi keng bo‘lishi zarur. Mahalla jamiyatning ham ko‘zi, ham qulog‘i, ham uyg‘oq vijdoni bo‘lishi kerak. Mahalla hududida har xil yot g‘oyalar ta’siriga beriluvchi oilalar, yoshlar bo‘lmasligi uchun tizimli ravishda chora-tadbirlar va targ‘ibot ishlarini olib borish zarur.

Bir narsani yaxshi tushunib olish lozim - har bir oilaga kirib, odamlarning dardini eshitish masalaning bir tomoni. Muhimi, aniqlangan muammo va kamchiliklarga o‘z vaqtida yechim topish. Nega deganda, odamlar mahalla raisiga davlat vakili sifatida ishonadi, umid qiladi. Agar muammosi hal bo‘lmasa, ikkinchi marta shu oilaga borilganda «Nimaga keldingiz, baribir hech narsani hal qilib bermas ekansiz-ku», deb aytishi tabiiy. Bunday savol bo‘lmasligiga erishishimiz shart.

Asqar UMAROV,

Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari,

mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i.