Mahalla raisligiga kimni saylaymiz?

Ayni kunlarda shu savol ko‘pchilikning o‘y-xayolidan o‘tayotgani bejiz emas. Zotan, bu lavozim, vazifa har birimizning kundalik hayotimiz bilan bevosita bog‘langan. Oddiy misol, to‘y-maraka qilasizmi yoki boshqa yumushda o‘z-o‘zidan mahallaga bog‘lanishingizga to‘g‘ri keladi.

Milliy fuqarolik instituti

Yaxshi bilamiz, bevosita davlat organi bo‘lmagan tashkilotlar fuqarolik instituti sanaladi. Aslida mahalla ham ayni shunday tuzilma. Biroq aholining keng qatlamlari manfaatlarini ifodalaydigan bu institut o‘zini o‘zi boshqarish tizimining xalqimizga xos va mos noyob tuzilmasi hisob­lanadi. Shu bois necha asrlik tarixga ega mahalla mustaqillikdan keyingina jamiyat hayotida o‘zining munosib nufuzi va o‘rniga ega bo‘ldi. Ya’ni, davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi mamlakatimizning Bosh qomusiga kiritilib, konstitutsiyaviy maqom berildi.

Tuzilmani yanada rivojlantirish maqsadida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilingan. Shu asosda mazkur institut ahil-inoq qo‘shnichilik, mehr-oqibat, ko‘makka muhtojlarga yordam ko‘rsatish, yoshlarni vatanparvarlik va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash singari maqsadlarga xizmat qiladi.

Ya’ni, shu paytgacha mahalla oqsoqolini saylashda kelgusida qaysi guruhlar manfaatiga xizmat qilishiga e’tibor qaratmadikmi? Oqibatda moddiy yordam yoki bolalar puli tayinlashda qanchadan-qancha kamomad holatlari aniqlandi.

Bugungi talab boshqa

Mahalla bugun ham barchamizni jips­lashtiradigan, mehr-oqibatni, insoniylikni o‘rgatadigan, milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab kelayotgan maskan. Biroq endi bu qarashlar, bir qadar tor ekanligi, bir qadar eskirganligi anglashilmoqda. Endi mahallaning nafaqat obro‘sini, balki jamiyat hayotidagi rolini ham oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Buning uchun davlatimiz rahbarining farmoni bilan aholi muammolarini o‘rganish, tahlil qilish, hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqishning bir-biri bilan uzviy bog‘langan to‘rt pog‘onali “mahalla–tuman–viloyat–respublika” tizimi joriy etildi.

Demak, endi mahalla raisi hudud aholisining turmush tarzi, yashash sharoitiga ham mas’ul shaxs hisoblanadi. Endi hamma masala avvalo, mahallada hal bo‘lsagina, odamlar rozi bo‘ladi, mahalla raisiga ishonchi ortadi.

Shu sabab mahallada resurs va imkoniyatlarni ko‘paytirish, moddiy ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda, vakolati kengaytirilyapti. Jumladan, ayni paytda har bir mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tabiiyki, oqsoqol ulardan ko‘ra ilmli, eng muhimi, tajribali bo‘lishi zarur. Negaki, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, yo‘naltirish aynan mahalla raisi vazifasi bo‘lishi kerak.

Mahalla raisi ularni rag‘batlantirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritishi mumkinligining o‘zi oqsoqol boshqalardan “bir bosh baland” bo‘lishini taqozo etmoqda.

Bundan anglashiladiki, endi “urilgan-surilgan” nomzod mahallada raislik qilolmaydi. Erta-indin o‘tkaziladigan mahalla raisi saylovida bu jihatga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Demokratik prinsiplar joriy etilgan

Aslida mahalla raisi saylovi jamiyat hayotida katta ahamiyatga ega muhim siyosiy jarayon. Shu bois uni tashkil etish, o‘tkazish bevosita qonun chiqaruvchi hokimiyatning yuqori palatasi tomonidan nazorat qilib boriladi.

Muhimi, joylarda vakillik organlari, ya’ni xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari tomonidan jarayonga yaqindan ko‘maklashiladi.

Qayd etish lozimki, o‘tgan galgi saylovlar tajribasi, umuman, bugungi kun voqeligi asosida mahalla raisi saylovida ham qator yangiliklar belgilangan.

Misol uchun, amaliyotda mahalla raisi fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan saylangan. Bunda saylovchilar nomidan muayyan vakillar ovoz berardi. Endi mazkur jarayon ham demokratik prinsiplar asosida bo‘lishini ta’minlash maqsadida fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilandi. Bunda vakillar soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etadi. Ya’ni, har 100 saylovchi nomidan 12 vakil saylovda qatnashadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, fuqarolar vakillariga ham talablar o‘rnatilgan. Tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lganlar vakil bo‘lishi mumkin. Rais lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod yoki ularning yaqin qarindoshlari vakil bo‘lolmaydi.

Birgina shu normaning o‘zi mahalla raisi saylovida guruhbozlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qilishi, shubhasiz. Bu esa o‘z navbatida, har birimizdan jarayonda faol ishtirok etib, mahallamiz ertasi, mahalladoshlarimiz hayoti yanada yaxshi bo‘lishini ta’minlashga hissa qo‘shish majburiyatini yuklaydi.

“Saylanib oldim, hammasi tamom”

Yashirib nima qildik, ilgari shunday holatlar ham kuzatilgan. Ammo endi bunday bo‘lmaydi. Dastavval aytib o‘tish lozim, yaqin bir-ikki oy ichida tuzilma faoliyatiga oid qonunchilik qayta ko‘rib chiqiladi. Demak, vakolat bilan birga majburiyatlar ham yuklatiladi.

Agar mahalla raisi lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarolmasa, vakillar yig‘ilishiga ham zarurat qolmaydi. Buning uchun albatta, fuqarolarning kamida uchdan bir qismi bilan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirilishi kerak.

To‘g‘ri, hali bu tartib joriy etilgani yo‘q. Ammo ishlab chiqilayotgan bu amaliyot jamiyatimizning muhim qismi bo‘lgan mahallalar raislariga katta mas’uliyat yuklaydi. Har bir odamni rozi qilishdek ezgu maqsad yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishga undaydi.

Mirzo Ixtiyorov,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.