Mahalla raisligiga saylovlar boshlandi

Bugun, 1 may kunidan boshlab respublikamizda fuqarolar yig‘ini raisi saylovi jarayonlari boshlandi. Xususan, viloyatimizning 16 ta shahar va tumanida ham bittadan mahallada namunali shaklda saylov tadbiri o‘tkazildi.

Aytish joizki, tegishli qonun bilan “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, endi fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirildi.

Saylovni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida viloyatimizga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirildi. Bu har bir mahalla bo‘yicha taqsimlanadi.

Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish, o‘tkazish hamda uning muddatini belgilash xalq deputatlari hududiy kengashlar vakolatiga o‘tkazildi. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar oldidagi asosiy vazifalar belgilandi.

Shunga muvofiq, xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasi qarori bilan viloyatimizda ham saylovga ko‘maklashuvchi komissiya tarkibi hamda uni tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan edi. O‘tgan vaqtda mazkur “Yo‘l xarita”si asosida viloyatning barcha hududlarida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining sessiyalari o‘tkazildi hamda ularda mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy komissiyalarning 320 nafar a’zodan iborat tarkibi tasdiqlanib, tashkiliy yig‘ilishlar o‘tkazildi.

Mahallalarda tashkil etilgan 10192 nafar a’zoni o‘z ichiga olgan ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlar belgilanib, ularga tavsiya va namunaviy hujjatlarning to‘plami tarqatildi.

Bugun Past Darg‘om tumani Turkman mahallasida o‘tkazilgan saylovda mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda ko‘rsatilgan nomzodlar o‘zining 5 yillik dasturi, rejalari, maqsad va vazifalari haqida yig‘ilganlarga ma’lumot beryapti. Shundan so‘ng saylov jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Shohruh AHROROV,

Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi shu’ba rahbari.