Mahalla yoshlariga Prezident sovg‘asi berildi

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan musobaqalar uchun viloyatdagi 1081 ta mahallaga 8 mingdan ortiq Prezident sovg‘asi — to‘rt turdagi sport jihozlari topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat sport hamda yoshlar ishlari boshqarmalari mas’ullari, sport maktablari trenerlari, mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Tadbirda joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” mavsumlarida samarqandlik yoshlar respublikada peshqadam ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ushbu olimpiada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni terma jamoalar safiga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

— 360 dan ziyod sport jihozlarini qabul qilib oldik, — deydi Ishtixon tumani sport maktabi direktori o‘rinbosari Zohid Arziqulov. — Bunday e’tibor yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarni kashf qilish va kelgusi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qiladi. Ayni paytda sport maktabimizda sportning 22 turi bo‘yicha 2200 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda. E’tiborlisi, sportchilarimizdan 18 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibiga, 20 nafardan ziyodi esa zaxira tarkibiga qabul qilingan.

Mazkur sport jihozlari mahallalarda o‘tkaziladigan musobaqalar sifatini oshirish, yoshlarning kelgusida xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan iqtidorli sportchilarni yetishtirishga xizmat qiladi.