“Mahallada “svet” yo‘q, ammo...”

2024 yilda Payariq tumanida 2 ming kilovattlik quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilishicha, sentyabr oyiga qadar bu rejaning 4,2 foizi bajarilgan. Yig‘ilishdan so‘ng tumanda quyosh panellari o‘rnatish ishlari jadallashdi.

- Dastlab tashkilot rahbarlari, mahalla oqsoqollari o‘z xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatdi, - deydi Payariq tumanidagi 14-maktab direktori G‘ulom Eshatov. – Juvozxona mahallasida birinchilardan bo‘lib, bundan 15 kun avval mening xonadonimga o‘rnatildi. 25 million so‘mlik kredit evaziga o‘rnatilgan mazkur panellarning qulayligini dastlabki kundanoq sezdik. Masalan, ayni paytda, ya’ni ayrim sabablarga ko‘ra mahallamizda 2 kun avval elektr energiyasida uzilish bo‘ldi. Aynan quyosh paneli sabab mening xonadonimda  “svet” o‘chmadi. Istasak televizor tomosha qilyapmiz, istasak maishiy texnikalarni ishlatyapmiz.

- 5 kilovattli quyosh panelini xonadonimga o‘rnatyapman, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abdulatif Bahodirov. – Shu paytgacha oyiga 300-400 ming so‘m elektr energiyasi to‘lovi uchun sarflanardi. Endi uyimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj qondirilib, ortgani davlatga sotiladi. Mutaxassislarning aytishicha, oyiga kamida bir million so‘mlik elektr energiyasini sotishim mumkin ekan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).