Mahalladan gapiramiz: Stullar suhbati

-  Biz ham odambashara bo‘larkanmizmi biron kun? – dedi birinchi stul. 

-  Qiziqmisan, odamlar odambashara bo‘lmayapti-yu, biz bo‘lamizmi? Biz stulbashara bo‘lishimiz kerak! – dedi ikkinchi stul.

-  To‘g‘ri, lekin bizning istagimiz bilan nima ham o‘zgarardi.

-  E, qo‘ysalaringchi shunaqa diydiyolarni. Yoshlikda o‘ynab qolish kerak. Mutasaddilar bizga shunday imkon berayapti-ku. Mana, masalan men, o‘tirgan o‘quvchining shimini “tishlab” qolaman. Bir-ikki bo‘ralab so‘kinadi-yu, hech nima qilolmaydi. Qila olgani tikuvchiga borib, men teshib qo‘ygan joyga chok tushirib keladi. Shu-shu kertilgan kamina va teshilgan shim yoki kolgotki do‘st bo‘lib olamiz.

-  Shu o‘ynab qolishmi? – suhbatga qo‘shildi uchinchi stul. – Hecham unday emas. Bu nima, bilasizlarmi?

-  Sendan bilimlirog‘imiz yo‘q, - kulishdi boshqa stullar.

-  Bu jinoyat. Shimi yirtilgan bolaning xayoli darsda bo‘ladimi o‘sha paytda? Yo‘q! Dars qilmagan o‘quvchi kim bo‘ladi? Ikkichi? Ikkichi ulg‘aysa kim bo‘ladi? Tor fikrli odam bo‘ladi. Tor fikrli odam kim? Bolalarning yaxshi ilm olishi uchun maktabni inventarizatsiya qilish haqida xatlar tushganda, ularni “ko‘ramiz” deb, papkaga solib, shkafga tiqib qo‘yadigan va unutib yuboradigan odam.

-  Faylasuf bo‘lib ketibsanmi, o‘rtoq? – deyishdi boshqa stullar. 

-  E, sizlarni ham taxtalaringni almashtirib qo‘yishsa, tap-tayyor faylasuf bo‘lasiz-qolasizlar.

-  Keyin kimni tishlashti bilmaymizku bunaqada, - kuldi birinchi stul.  So‘ng xomush tortib, qo‘shib qo‘ydi:  - Bolalarni o‘ylamaydiganlarni hokim bobo olib kelib bir o‘tirg‘izsaydi, men bir tishlasam edi...

Suhbat 15-maktab sinfxonasidan yozib olindi.