Mahallalar infratuzilmasi yaxshilanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’yektlari yaxshilanadi. Mas’ullar joylarda aholi bilan uchrashib, joriy yil yakuniga qadar mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berib, galdagi vazifalar muhokama qilindi.
- Qarorga asosan ushbu dasturlar doirasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalari orqali moliyalashtiriladi, - deydi viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. - 2022 yilda ajratilib, yil yakuniga qadar o‘zlashtirilmasdan qolgan mablag‘lar Davlat byudjetiga qaytarilmaydi va ushbu mablag‘lar 2023 yilda dasturlarda nazarda tutilgan ob’yektlarning qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlashga yo‘naltiriladi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining huquqiy va ekologik ma’daniyatni targ‘ib qilish bo‘limi hamda viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ullari Paxtachi tumanidagi “Yobu”, “Obodon”, “Mirzo Olim” va “Mirzo Ulug‘bek” nomli mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘ycha bajarilayotgan ishlar, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishdi. Shuningdek, kelgusi rejalar muhokama etilib, muhim chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu kabi o‘rganishlar Nurobod tumanida ham olib borildi.