Mahkumlarga ham pensiya tayinlanadi
2019 yilning 28 avgustida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga 53-1 (prim) moddasi qo‘shildi.
Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya to‘lash ko‘rsatib o‘tilgan. Endilikda manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya to‘lash manzil-koloniya joylashgan hududdagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tegishli pensiyalar summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazish orqali amalga oshirilishi belgilandi. Ya’ni, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar muassasa joylashgan joyda pensiya tayinlash borasida ariza berishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Past Darg‘om tumanidagi 37-manzil-koloniyada mazkur qonunning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish yuzasidan mahbuslar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda qonunda belgilangan masalalar yuzasidan ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berildi, mahbuslar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Xuddi shunday tadbir Samarqand shahridagi Farhod qo‘rg‘onida joylashgan 10-manzil-koloniyasida ham tashkil etildi.