Adliya: Baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan xodimning nafaqasidan "urib" qolingani aniqlandi

Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro N.R. (qisqartirildi)ning turmush o‘rtog‘i “Paxta tozalash zavodi” AJ 1-ishlab chiqarish brigadasining linterlash sexida chiqindilarni yig‘uvchi va tozalovchi vazifasida ishlagan. 2018 yilning 12 fevralida quritish sexi binosida kuchli gaz bosimi oqibatida sodir bo‘lgan portlash tufayli tan jarohati olib, halok bo‘lgan.

Biroq korxona baxtsiz hodisa tufayli vafot etganligi munosabati bilan marhumning oilasiga bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa pulini qariyb 10 million so‘mga kam to‘lagan. Ya’ni, xodimning vafotigacha ishlagan o‘n oylik ish davri uchun 9 718 272   so‘mga noto‘g‘ri hisob-kitob qilinib, jami 46 million 15 ming 848 so‘m nafaqa to‘langan. Marhumning turmush o‘rtog‘i bundan norozi bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim fuqaro manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud majlisida korxonaning ishonchli vakili J.I. da’voni tan olmasdan, da’vo muddati o‘tib ketganligi sababli uni qanoatlantirishni rad etishni so‘radi.

Vaholanki, jabrlanuvchi zarar yetkazilgan vaqtda o‘n ikki oydan kam ishlagan taqdirda, o‘rtacha oylik ish   haqi haqiqatda ishlagan umumiy ish haqini ishlagan oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi.  Ish davri to‘liq oydan kam vaqtni tashkil qilgan taqdirda, zararni to‘lash miqdori shartli oylik ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

O‘sha paytda amalda bo‘lgan Mehnat kodeksining 192-moddasiga ko‘ra, xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan  bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga   qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan   ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari,   singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

Sud da’vo arizasini qisman qanoatlantirib, “Kattaqo‘rg‘on paxta tozalash” AJga bir yo‘la to‘lanadigan nafaqadan 9 million 718 ming 272 so‘m, 8 million so‘m ma’naviy zararni to‘lash hamda davlat foydasiga 1 million 48 ming 730,88 so‘m davlat boji undirish majburiyatini yukladi.

Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.