"Yil davomida mahallalarda ishlamoqchimiz" - viloyat adliya boshqarmasining yangi rahbari rejalarini ma’lum qildi

Viloyat adliya idoralari tomonidan o‘tgan yil sohada amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Boshqarma boshlig‘i Salohiddin Sattorovning ta’kidlashicha, o‘tgan yili tizimda 681 ta o‘rganish o‘tkazilib, 169 ming 888 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. 2022 yilda esa bu raqam qariyb 447 mingni tashkil qilgan. Sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda eng ko‘p qonunbuzarlik sog‘liqni saqlash (38001 ta), soliq qonunchiligi (14267 ta), ta’lim sohasi (13111 ta), mehnat va ish bilan ta’minlash (10762 ta) yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelgan.

– Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish yuzasidan tegishli tashkilotlarga 1633 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 1604 ta, jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha 19 ta taklif va 1495 ta ogohnoma kiritildi, – dedi S.Sattorov. – Natijada 703 nafar shaxs intizomiy, 1597 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Taqdimnomalarga asosan 128 milliard 577 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qonuniy egalariga qaytarildi.

Bundan tashqari, boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan hisobot davrida sudlarga javobgarlardan 61 milliard 533 million so‘m mablag‘ undirish yuzasidan 1294 ta da’vo arizasi kiritilgan. Hisobot davri boshidagi qoldiq da’vo arizalari bilan birgalikda 61 milliard 460 million so‘mlikdan ortiq 1293 ta da’vo arizasi qanoatlantirildi.

Ma’lum qilinishicha, boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga 2023 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 7695 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 7144 tasi hal etilgan. Jumladan, 3579 ta murojaat qanoatlantirilgan, 3563 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. 423 ta murojaat tegishligiga ko‘ra, boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.

Hisobot davrida viloyat adliya idoralariga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusdagi 152 ta qarori loyihasi kelib tushgan. 124 ta loyiha huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, xulosa berilgan, 28 ta qaror loyihasi belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan.

Matbuot anjumanida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

- Joriy ilda oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa tizimni raqamlashtirish va mahallalarda davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish, - dedi S.Sattorov. – Masalan, o‘tgan yil 1 million 423 ming 292 ta davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun chekka mahallalarda yashovchi fuqarolar tuman markazlariga kelishgan. Bu ishlarni soddalashtirish uchun 15 turdagi xizmatlarni mahalla darajasida ko‘rsatishga ruxsat berilyapti. Buni muvofiqlashtirish esa bizning zimmamizda va shu asosda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda mahallada davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yamiz.