Ortiqcha to‘langan nafaqa pulidan davlat voz kechdi

- Ikki nafar bolamga bolalar nafaqasi olar edim, keyinchalik bolalar nafaqasi to‘xtatib qo‘yildi. Sababini so‘rab Pensiya jamg‘armasiga borsam, texnik sabab bilan nafaqa ortiqcha to‘langanligi aniqlanib, to‘xtatilgani va menga ortiqcha to‘lov qarzdorligi yozib qo‘yilganligini ma’lum qilishdi.
Eshitishimcha, shu qarzdorlikdan davlat voz kechgan ekan, shu masalada aniq ma’lumot berishingizni so‘rayman.

Gulposhsho Abduavazova,
Qo‘shrabot tumani.

- 2022 yilning 29 aprelida “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonning 4-bandida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘irlashishining oldini olish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 2022 yil 1 aprelga qadar nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun ma’lumotlarning xato taqdim etilishi, kiritilishi va texnik sabablar tufayli fuqarolarga ortiqcha to‘langan summalar hisobdan chiqarilsin, deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Shundan kelib chiqib, fuqaro Gulposhsho Abduavazovaga ortiqcha to‘langan deb hisoblangan nafaqalar hisobdan chiqarildi, ya’ni fuqaroning qarzlaridan Prezidentning ushbu Farmoni bilan voz kechilgan.

Savolga Qo‘shrabot tumani Pensiya jamg‘armasi bo‘limi malakali mutaxassisi Akrom Qarshiboyev javob berdi.