101 ming nafar fuqaroning pensiya va nafaqasi oshdi

Shu yilning 28 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2023 yil 1 avgustdan boshlab zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha nogiron bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga (qarovchilarga), ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda oyiga 568 ming so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun ham nafaqa miqdori oyiga 568 ming so‘m etib belgilanib va keyingi har bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 198 ming so‘mdan qo‘shiladigan bo‘ldi.

Viloyatimiz pensiya jamg‘armasi hisobida bugungi kunda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolar 6669 nafar, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiya oluvchilar 56615 nafar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha nogiron bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar (qarovchilar) 7312 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilar 5833 nafar, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilar 24741 nafar. Umuman, mazkur toifadagi nafaqa va pensiya miqdori oshirilgan fuqarolar viloyat bo‘yicha 101200 nafardir.

Avgust oyidan yuqorida keltirilgan toifadagi barcha fuqarolarga oshirilgan miqdordagi pensiya va nafaqa pullarini olishlari kafolatlanadi.

Abdurashid Rahimov,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi shu’ba rahbari