O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 million nafardan oshdi
O‘zbekistonda 2021 yilda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 milliondan oshdi, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchilar soni esa 1,5 milliondan ko‘proq. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jamg‘arma tomonidan respublika aholisining 29 foiziga har oyda xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. 2021 yilda 391,9 ming nafar fuqaroga pensiya va nafaqalar tayinlangan. Shundan 314,5 ming nafariga pensiya va 77,4 ming nafariga nafaqa berilgan. 2022 yil 1 yanvar holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 39 ming 2 nafarga yetgan. Shundan 3 million 588 ming 4 nafari pensiya, 450,8 ming nafari nafaqa oluvchilar hisoblanadi.
Jamg‘armaning 2021 yilgi daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 26 milliard 569 million so‘mni ko‘rsatgan. Prognoz 105 foizga bajarilgan.
2021 yilda pensiya to‘lovlari uchun 36 milliard 621,3 million so‘m hamda nafaqa va kompensatsiya to‘lovlari uchun 4 milliard 199,7 million so‘m ajratilgan. Har oyda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun talab etilgan mablag‘lar belgilangan muddatlarda moliyalashtirilishi hamda to‘lanishi ta’minlangan.
To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan 10 milliard 744,2 million so‘m ajratilgan.