Yuz yoshdan oshganlar ustama oladi

Bu boradagi tartib davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2003 yil 27 martdagi “2003 yilning 1 aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlari haqini to‘lash bo‘yicha beriladigan imtiyozlar o‘rning kompensatsiya pul to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslar uchun uy-joy-komunal xizmatlari haqini to‘lash bo‘yicha qonunchilikda beriladigan imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya pul to‘lovlari joriy etilgan bo‘lib, unga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi.  Jumladan, 2022 yil 1 martdan boshlab kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli tofadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olish olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’iy nazar to‘lab berilishi belgilab qo‘yildi.

Mazkur farmon bilan ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga  kompensatsiya to‘lovi joriy etildi, bunda ularga har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida belgilangan.

Bundan tashqari, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilandi.

Shu paytgacha pensiya oluvchi fuqarolarga 100 yoshga to‘lganda pensiyaga qo‘shimcha to‘lov belgilangan edi, ijtimoiy nafaqa oluvchilarga esa qo‘shimcha to‘lov ushbu Farmon bilan qo‘shib berilishi belgilandi.

Masalan, 440 ming so‘m ijtimoiy nafaqa oluvchi (pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar) fuqaro 2022 yil 10 fevralda 100 yoshni to‘ldirdi, unga 2022 yilning mart oyidan 289 ming so‘m (pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foiz) miqdorida qo‘shimcha to‘lov  ham to‘lana boshlanadi.

Pensioner yoki ijtimoiy nafaqa oluvchilar ushbu masalada Pensiya jamg‘armasiga kelib murojaat etishlari yoki ariza berishlari shart emas. Bu pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ularning murojaatlarisiz amalga oshiriladi.

Bugungi kunda viloyatimizda 51 nafar 100 yoshga kirgan otaxuon-u onaxonlar mavjud bo‘lib, ularning pensiya oluvchilariga qo‘shimcha to‘lov to‘lab kelinmoqda. Ijtimoiy nafaqa oluvchilarga ham 2022 yilning 1 martidan boshlab qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi va mart oyida to‘lab berilishi ta’minlanadi.

Abdurashid Rahimov,

Byudjetdan tashqari pensiya  jamg‘armasi viloyat boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i.