Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi milliy o‘zlikni tiklash va ma’naviy yuksalishning asoslaridan sanaladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda qabul qilingan “Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, xalqimizning boy tarixiy merosini yanada chuqurroq o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining matbuot sohasidagi faoliyati, jumladan, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnaliga asos solishi, ma’rifatparvarligi tufayli xalq ongiga ma’rifat urug‘ini ekkan buyuk shaxs sifatida tarixda qoldi. 1914 yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. U teatrni xalq ongini uyg‘otish vositasi sifatida ko‘rdi va natijada teatr san’ati O‘zbekistonda milliy madaniyatning ajralmas qismiga aylandi.

Qaror doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga chuqur hurmat ramzi bo‘lib, uning boy merosini yanada kengroq ommalashtirishga yo‘naltirilgan. Yubiley doirasida, jumladan, Samarqand davlat universitetidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi, Behbudiy asarlarining yangi nashrlari, teatr va kino mahsulotlari targ‘iboti yosh avlodning ma’naviy tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Bu tadbirlar nafaqat tarixiy xotirani e’zozlash, balki kelajak uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratishga qaratilgan. Xususan, shu yil oktyabr oyida Samarqand davlat universitetida o‘tkaziladigan “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya nafaqat akademik doirada, balki jamoatchilik uchun ham katta ahamiyatga ega. Bu tadbir Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini ilmiy jihatdan o‘rganish, jadidlik harakati va uning umuminsoniy ahamiyatini yoritishda tadqiqotchilar uchun yangi yo‘nalishlar ochishga xizmat qiladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi sifatida ta’lim, matbuot va teatr san’ati sohalaridagi ulkan hissasi bilan xalqning milliy uyg‘onish jarayonida alohida o‘rin tutgan. Uning g‘oyalari hozirgi Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, milliy o‘zlikni tiklash va ma’naviy yuksalishning asosi bo‘lib qolmoqda.

Ushbu tarixiy sana nafaqat xalqimizning ma’rifatparvar vakili, qalami o‘tkir publitsist, mohir dramaturg, muazzam bir zotga bo‘lgan ehtirom, balki barchamiz uchun ma’naviy uyg‘onish va madaniy merosni qadrlashda muhim qadamdir.

Mavlon Boboxonov,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.