Mahsulotni qadoqlashda qachon o‘zgarish bo‘ladi?
Ishlab chiqarilgan mahsulotni jahon standarti talabi asosida baholash va sinovdan o‘tkazishda metrologiyaning o‘rni muhim. Biroq 1993 yilda qabul qilingan “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun mazmunan eskirganligi, xalqaro andozalarga mos kelmayotganligi va boshqa omillar tufayli mazkur qonunni takomillashtirish zarurati tug‘ildi.
Qonunning yangi loyihasini ishlab chiqishda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Armaniston, Germaniya, Xitoy va boshqa davlatlarning tajribasi tahlil qilindi. Germaniya PTB tashkilotining “Markaziy Osiyo davlatlarida milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirish” mavzusidagi texnik hamkorlik loyihasining xalqaro ekspertlari jalb etildi. 2015 yilda qonun loyihasini ishlab chiqish boshlangan edi va hozirgacha jamoatchilik fikrini o‘rganish, amaliyotga qo‘llashdagi bo‘shliqlar, manfaatdor vazirlik va idoralar, xalqaro ekspertlar - RTV ekspertlari tomonidan bildirilgan tavsiyalar inobatga olindi.
Shunday qilib 2020 yil 7 aprelda yangi tahrirda qabul qilingan “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunda yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, milliy va xalqaro tizim integratsiyalashuvini ta’minlash va sohada yechimini kutayotgan muhim ustuvor vazifalar belgilangan.
Xususan, metrologiyaning asosiy vazifalari, prinsiplari, davlat siyosatining yo‘nalishlari belgilandi. Metrologiya sohasida faoliyat olib boruvchi sub’yektlar sifatida Vazirlar Mahkamasi, davlat metrologiya xizmati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari belgilanib, ularning vakolatlari qayd etildi.
Qonundagi eng muhim jihatlardan yana biri tadbirkorlik sub’yektlariga davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda o‘lchash vositalarini kalibrlash huquqi berildi. Shuningdek, metrologiya ishlarini (kalibrlash) amalga oshirish uchun xususiy biznesga sarmoya jalb qilish imkoniyati yaratildi hamda kalibrlash ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarining xizmat ko‘rsatish doirasi kengaytirildi. Milliy etalonlarni xalqaro etalonlar bilan davriy ravishda solishtirib borish va ularning xususiylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik tartibi o‘rnatildi, o‘lchash va sinov vositalarining aniq mezonlarini belgilandi.
Yana bir ahamiyatli tomoni ushbu qonunda qadoqlangan tovar miqdori davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati ob’yektlaridan biri sifatida belgilanib, davlat metrologik tekshiruvi va metrologik nazorati qay vaziyatlarda, qanday ko‘rinishda, kim tomonidan o‘tkazilishini belgilovchi aniq normalar bilan to‘ldirildi. Bu esa realizatsiya qilinayotgan qadoqlangan tovarlarni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi ular miqdorini metrologik tekshiruvdan o‘tkazish yo‘li bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish imkonini yaratadi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’yektlarning faoliyat doirasini kengaytirish hamda metrologiya sohasida raqobat muhitini shakllantirishga va iste’mol bozorimizda sifatli mahsulotlar ko‘payishiga zamin yaratadi.
Azizbek TURDIYeV,
“O‘zbekiston milliy metrologiya
instituti” DK Samarqand filiali boshlig‘i v.b.