Majburiy mehnatga jalb etgan shaxsga jazo bor
Samarqand viloyatida majburiy mehnatga jalb etmaslik borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari samarali olib borilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, 2019 yilning o‘tgan davri davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan prokuratura organlariga majburiy mehnatga jalb etilganlik to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi. Unda Samarqand viloyat bandlik boshqarmasi boshlig‘i Asliddin Usmonov, viloyat prokuraturasining sohaga aloqador xodimlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
- Shu yilning o‘tgan davri mobaynida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash borasida o‘tkazilgan tekshirishlarda ayrim korxona rahbarlari tomonidan qonun buzilish holatlari aniqlandi, - dedi A.Usmonov. - Masalan, 113 holatda mehnat ta’tili berish, 442 holatda mehnat daftarchasini yuritish tartibi buzilgan bo‘lsa, 88 holatda boshqa sabablarga ko‘ra ish beruvchi mehnat intizomini buzgan.
Shuningdek, majburiy mehnatga jalb qilgan jismoniy va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalasi yanada oshirilmoqda. Masalan, voyaga yetmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb etgan jismoniy yoki mansabdor shaxs eng kam ish haqining 10 baravaridan 30 baravarigacha jarima jazosiga tortiladi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlarning majburiy mehnat, aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi bilan bog‘liq savollariga javob berdi.