Majburlab chiqarilayotgan qochqinlar, Suriyada qatl etilgan Asad armiyasi zobitlari, nomi o‘zgargan Meksika ko‘rfazi
🔹 Tramp Iordaniya, Misr va Kolumbiya ko‘proq G‘azo va Kolumbiya qochqinlarini qabul qilishga chaqirdi. Kolumbiya dastlab bunga rozi bo‘lmadi. Tramp Kolumbiyadan keladigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj va Bogotaga qarshi sanksiyalar joriy qilishini aytgach, Kolumbiya ham AQShga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ko‘p o‘tmay muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan Kolumbiya prezidenti Trampni “ochko‘z” deb atadi. Iordaniya ham Tramp talabiga javoban, falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish g‘oyasini "qat’iy" rad etishini aytdi. Falastinliklar Trampni bu harakatini "etnik tozalash" deyishmoqda.
🔹 Livan va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish 18 fevralgacha uzaytirilgani ma’lum bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasida 2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga ko‘ra, Isroil tomoni 60 kun ichida, ya’ni 2025 yil 27 yanvargacha Livan janubidan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak.
🔹 Suriyada zo‘ravonlikning yangi to‘lqini qayd etildi, natijada so‘nggi 72 soat ichida kamida 35 kishi qatl etilgan. Ularning aksariyati avval Bashar al-Assadga bo‘ysungan armiya zobitlari.
🔹 Olti kun avval Turkiyaning tog‘-chang‘i kurortidagi Grand Kartal mehmonxonasida sodir bo‘lgan yirik yong‘inga oshxona xodimlarining e’tiborsizligi sabab bo‘lgan. Yong‘in oqibatida 78 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati bolalar.
🔹 Qozog‘istonda 2022 yil yanvar voqealari ishtirokchilariga nisbatan hukm chiqarildi. 45 nafar ayblanuvchining aksariyati tergov hibsxonasida o‘tgan vaqtlari hisobga olinib, 1-2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Hukm qilinganlar orasida deputat, harbiylar va boshqa davlat xizmatchilari, "avtoritet" jinoyatchilar 8 yildan 20 yilgacha qamoq jazosini olgan.
🔹 AQSh Ichki ishlar departamenti Donald Trampning “Amerika buyukligi merosi sharafiga” nomlarni tiklash bo‘yicha farmoni amalga oshirilganini e’lon qildi. Xususan, Meksika ko‘rfazi Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartirildi. Trampning qarori xalqaro miqyosda tan olinishi dargumon. Meksika ko‘rfazi nomi xalqaro miqyosda e’tirof etilgan va yuzlab yillar davomida dengiz navigatsiya belgisi sifatida foydalanilgan.
🔹 Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ma’qullash reytingi 21 foizga tushib ketdi. Bu u lavozimga kelganidan beri eng past ko‘rsatkichdir.
🔹 Kongo Demokratik Respublikasi (KDR)da urush avj olmoqda. Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlangan isyonchi harakati mamlakat sharqidagi Shimoliy Kivu viloyatining markazi, 800 ming kishilik Goma shahrini egallab olgan. Ko‘p sonli KDR armiyasi askarlari qurollarini tashlab, taslim bo‘lishgan.