"Maktab formasini kiymayman!"

 O‘shanda qabulxonadagi bir holat e’tiborimni tortgan edi. Stol ustida bir-biridan bejirim, qimmatbaho ayollar sumkasi (10-12 dona) turibdi. Opa sumka sotarmikan, deb o‘yladim. 
Maktab rahbari meni kuzatib qo‘yarkan, alohida ta’kidladi: "Bizda o‘quvchilar formasi qat’iy belgilangan. Farzandlaringiz shu yerda o‘qisa, ularday kiyinishi  zarur". 
Sir emas, har bir ota-ona bolalariga maktab formasini sotib olish uchun yozgi ta’til davomida yig‘inadi. Negaki, bu oila byudjeti bilan bog‘liq. Nachora, yana maktab formasi xarid qiladigan bo‘ldik.
Ayni kunda respublikamizda o‘quvchilar uchun yagona tasdiqlangan maktab formasi mavjud emas. Bu masala yuzasidan izlanishlar hamon davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda bu borada yakuniy qarorga kelinib, yagona forma joriy etiladi.

– Qabulxonadagi sumkalarni ko‘rdingizmi? – deya so‘radi opa. – Ular yuqori sinf o‘quvchilaridan olib qo‘yilgan. Bolalaringizning sumkasi ham maktabga mos bo‘lsin.
Uning bu so‘zlarini eshitib, hadigim aridi. Xayriyat, direktor savdogar emas ekan.
– O‘quv yili boshlanishidan oldin maktab yarmarkasida o‘quvchi formalarini sotishni tashkillashtirdik, – deydi Samarqand shahridagi 8-umumta’lim maktabi kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi N.Eshmurodova. – Ammo ayrim o‘quvchilar formasi bo‘laturib, maktabga turli kiyimlarda kelishadi. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari. Ba’zan ularni maktabga qo‘ymay, uylariga qaytarib yuborishga to‘g‘ri kelyapti. Ota-onalar ham e’tiroz qilib qolishadi. 

– Qizim ulg‘ayib qoldi, deb uni bozorga olib tushgandim, – deydi ulardan biri. – Kun yarim bo‘ldi hamki, yarmarkani bir necha bor aylanib, unga yoqadigan forma tanlay olmadik. Tanlaganlari esa maktabga mos emas. Bolamning injiqligidan biroz asabiylashdim. Barcha maktablarda bir xil forma bo‘lganida edi, indamay kiyardi. 
Rost bolalar bu yoshda nima xohlayotganlarini o‘zlari ham bilishmaydi. Faqat taqlid qilishadi. O‘quvchining madaniyati uning oilada olgan tarbiyasiga bevosita bog‘liq.

Gulchehra BERDIYoROVA.