Maktab oshxonasida nima sotish mumkin, nima mumkin emas?

KOLLEJ VA MAKTAB OShXONALARIDA QAYSI TAOMLARGA RUXSAT YO‘Q?
– O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachining 2010 yil 18 sentyabrdagi "Respublika umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining xavfsiz ovqatlanishini tashkil qilishni ta’minlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining oshxonalarida ruxsat etilgan mahsulotlarning ro‘yxati shakllantirilgan, – deydi viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Asolat Ergasheva. – Unga ko‘ra, ushbu ta’lim muassasalarining oshxonalarida gamburger, xot-dog, bulochkadagi sosiska va kolbasa, chips, kiriyeshka, xrustyashka, saqich, koka-kola, fanta hamda boshqa turdagi gazlangan rangli ichimliklarni sotish taqiqlangan. Shuningdek, yaroqlilik muddati tugagan, sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari, bir kun oldin tayyorlangan ovqat hamda uning qoldiqlari, veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, uyda tayyorlangan barcha oziq-ovqat, taomlar, dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlarini sotish mumkin emas.
Ta’lim muassasalarida bo‘lganimizda ushbu qarordan ko‘pchilik tadbirkorlar bexabar ekani va taqiqlangan mahsulotlarni ikkilanmasdan o‘quvchilarga sotayotganiga guvoh bo‘ldik.
O‘QUVChILAR HIDLANGAN "ShAShLIK"KA KO‘NIKKAN
Samarqand shahridagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oshxonasini "SAMARQAND XOLIS FAYZ SAVDO" mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbari S.Jo‘rayev boshqaradi. Oshxonaning sanitariya holati, ishlatiladigan buyumlarning saqlanishi mutlaqo e’tibordan chetda qolgan. Shirinlik mahsulotlari yerda, qog‘oz qutilarda pala-partish saqlanyapti. Muzlatkichni ochganimizda uning ichida rangli ichimliklar, sosiska va ko‘rinishidan bir necha kun oldin tayyorlangan "shashlik" bor ekan. Uning badbo‘y hidi xonani ham egallab ulgurgan.
Shuningdek, oshxonada gamburger, xot-dog, pitssa, bulochkadagi sosiska va kolbasa, chips, saqich, veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht mahsulotlari mavjud.
– Mutasaddi tashkilotlar taqiqlangan oziq-ovqatlarni sotmaslik bo‘yicha bir necha bor ogohlantirishdi, – deydi S.Jo‘rayev. – Ammo ilojim yo‘q, tirikchilik. O‘quvchilarga eski, muddati o‘tgan ovqatlarni bermayman. Ruxsat etilmagan mahsulotlarni esa bolalar bu yerdan olmagani bilan boshqa joydan xarid qiladi.
Oshxona egasi gapning ochig‘ini aytishni ma’qul ko‘rdi (U na uyaldi va na xijolat tortdi). Belgilangan tartibga rioya qilish kerakligi uni qiziqtirmadi.
"BOLALARGA XOT-DOG SOTMAYMIZ, O‘ZLARI SO‘RAShADI"
Samarqand shahridagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oshxonasi yakka tartibdagi tadbirkor M.Nuriddinovga tegishli ekan. Oshxona toza va ozoda holatda. Vaqti o‘tgan va hidlangan narsalar yo‘q. Biroq oshxonada rangli va gazli ichimliklar, pitssa, xot-dog, chips, sosiska, ketchup, mayonez, tayyor salat, saqich va kofe kabi sotilishi taqiqlangan mahsulotlar bor.
– Har doim sifatli ovqat tayyorlaymiz, – deydi ish boshqaruvchi M.Boltayeva. – Shu paytgacha birorta o‘quvchi bizga shikoyat qilgani yo‘q. Bolalarga xot-dog sotmaymiz, o‘zlari so‘rashadi. Xot-dogni o‘qituvchilar uchun qilamiz. Tegishli tashkilotlardan kelib, belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bo‘yicha ogohlantirishgan, biroq olib qo‘ygan narsalarimizni sotib bo‘lishimiz kerak-ku…
KOLLEJDA OZIQ-OVQATLAR SIFATLI EKAN
– Sotish kerak bo‘lgan va taqiqlangan mahsulotlar bo‘yicha hech kim bizni ogohlantirgani yo‘q, – deydi Siyob qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji oshxonasida faoliyat yuritayotgan "FAYZ SWEET FOOD" oilaviy korxonasi rahbari A.Norbekov. – Tekshiruvchilar keladi va har xil ko‘rsatmalar berib ketishadi. Hali hech kim "Uni sotma, buni sot", deganicha yo‘q. Shu bois bu yerda har xil ichimlik hamda taomlarimiz bor.
Oshxonada tozalik ishlari yaxshi tashkil etilgan, oziq-ovqat mahsulotlari shu yerning o‘zida tayyorlanyapti. Ishchilar belgilangan tartibda kiyinishgan. Ammo tadbirkorning o‘zi aytganidek, tushuntirishlar o‘tkazilganimi yoki boshqa sababmi, sotilishi taqiqlangan ichimlik va ovqatlarning ayrimlarigina yo‘q, xolos.
"MAKTABIMIZDA OShXONA BO‘LIShINI HAMMA ISTAYDI"
Toyloq tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 270 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 375 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil oladi. Shu bois maktabda oshxona uchun xona yetishmaydi. Holat yuzasidan muassasa direktori Z.Jabborovaga yuzlandik:
– Maktabda sport zali va oshxona qurdiraman, deb juda ko‘p joyga bordim. Tegishli tashkilot va mutasaddi rahbarlar bilan uchrashdim, ammo foydasi bo‘lmadi. Bolalar o‘zlari ovqat olib keladi. Ayrimlari tanaffus vaqtida boshqa joydan yegulik sotib oladi. Maktabimizda oshxona bo‘lishini hamma istaydi. Oshxona ochish uchun tadbirkorlar ham yetarli, lekin qo‘shimcha xonamiz yo‘q.
SOTILIShI TAQIQLANGAN MAHSULOTLAR RO‘YXATI BOR, AMMO…
Toyloq tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikki yildan buyon faoliyat olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor M.Salohiddinov o‘z hisobidan oshxonani ta’mirlagan. Oshxona shinamgina, toza va ozoda. Ovqat tayyorlanadigan xonalar tartib bilan saqlangan. Oshxonada iste’molga berish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati ilib qo‘yilgan bo‘lsa-da, ular sotilmoqda.
– Bugun ortiqcha mahsulotlarni oshxonadan oldirmoqchi edim, – deydi maktab direktori A.Oripov. – Albatta, kelasi safar kelganingizda hammasi tartibga olingan bo‘ladi. O‘quvchilarning taqiqlangan ovqatdan zaharlanishi biz uchun yaxshi emas.
KOLLEJ OShXONAChISI SIFATSIZ MAHSULOTLARNI YaShIRIShGA URINDI
Toyloq agrotadbirkorlik kollejidamiz. Yakka tartibdagi tadbirkor D.Rahimova mazkur kollej oshxonasini 9 yildan buyon boshqarib keladi. Oshxonaning sanitariya holati kishi ta’bini xira qilar darajada, abgor. Saqlanayotgan mahsulot va idish-tovoqlar ham shunga yarasha.
Ish boshqaruvchi A.Ahrorovning aytishicha, mutasaddi tashkilotlar bir necha bor kelib, ruxsati yo‘q mahsulotlarni sotmaslik bo‘yicha ogohlantirishgan. Shu bois oshxonada faqatgina palov va bo‘g‘irsoq pishirilar ekan.
Oshxonadagi muzlatkich va shkaflarni ochib ko‘rganimizda taqiqlangan mahsulotlarning ko‘pini uchratdik. Har xil salatlar eskirgani shundoqqina ma’lum, hidlanib ulgurgan. Sifatsiz sosiskalar, sun’iy suyultirilgan ketchup va mayonezlar saqlanmoqda.
TADBIRKOR FAOLIYaT YuRITISh UChUN BERILGAN GUVOHNOMANI NEGA SOXTALAShTIRDI?
Toyloq pedagogika kolleji oshxonasini yakka tartibdagi tadbirkor R.Yuldoshev boshqaradi. Oshxona kollej direktori xonasining yonginasida joylashgan bo‘lsa-da, juda ayanchli ahvolda ekan. U yerning tozaligi bilan hech kim qiziqmagani aniq. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari aralashib yotibdi. Muzlatkich ishlamayotgani sababli go‘sht va bir necha xil salatlar ochiq saqlanmoqda. Kollejda sotish mumkin bo‘lmagan hamma yegulik turini uchratish mumkin. Kolbasa va sosiska mahsulotlarida yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan yozuv ham yo‘q.
Bizni taajjubga solgani tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun berilgan guvohnoma bo‘ldi. 2015 yil 16 dekabrda berilgan guvohnomadan tadbirkor 2016 yil 16 dekabrga qadar foydalanishi kerak bo‘lgan. Biroq R.Yuldoshev guvohnoma muddati tushirilgan 2016 raqamini 2018 qilib, qalam bilan soxtalashtirishga uringan.
Har qanday holatda ham ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarning jismonan sog‘lom, barkamol voyaga yetishlari uchun barcha birdek harakat qilishi lozim. Ozgina daromad ilinjida bolalarga har xil mahsulotni sotish esa hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi.
Xulosa o‘zingizdan.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Bahriddin XONKELDIYeV,
"Zarafshon" muxbirlari.