Maktab rahbarlariga g‘ayriqonuniy talab qo‘yilmagan
Joriy yilning 24 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Narpay tumanidagi 12-umumta’lim maktabi direktori Muhayyo Ochilovaning xodimlarni ishga qabul qilish va boshqa maqsadlarda rahbarlarning pul talab qilayotgani to‘g‘risidagi asossiz fikrlari qayd etilgan videosi tarqalgandi.
Ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida 25 iyun kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasining telegram rasmiy kanali orqali dastlabki munosabat ham bildirildi.
26 iyun kuni Narpay tumanidagi 12-maktabda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Narpay tumani hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, maktab pedagogik jamoasi, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda maktab joylashgan mahalladagi faollar ishtirokida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan videolavha muhokama qilindi.
Muhokamada Muhayyo Ochilovadan videoda aytgan fikrlarini izohlab, video maktab o‘qituvchisi Umida Shodmonova tomonidan yozib olinganini, Umida Shodmonova nomutaxassis bo‘lsa-da, psixolog sifatida maktabga ishga olishini so‘rab, buning uchun pora olishga undab kelgani, shu bilan birga, har bir suhbatda uning fikrlarini yashirincha yozib olishga harakat qilib kelayotganini ta’kidladi. Muhayyo Ochilova Umida Shodmonovaning bu harakatidan uning maqsadi ishga o‘tishgina emas, unga Umida orqali kimdir tazyiq o‘tkazmoqchi ekanligi taxmin qilganligini, ushbu videoni ham yozib olinayotganini sezib, tuman xalq ta’limi bo‘limi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlari nomiga nisbatan yolg‘on so‘zlarni aytganini tan oldi. Aslida sobiq tuman XTB mudiri M.Yuldoshev hech qanday pul talab qilmaganligi, boshqarma boshlig‘ining to‘y qilgan-qilmaganidan xabardor bo‘lmasdan, ushbu yolg‘on gapni aytganligi uchun uzr so‘radi.
Umida Shodmonova so‘zga chiqib, maktab direktori Muhayyo Ochilovaning oldiga kirganda, telefoni bexosdan yoniq qolgani, direktorning so‘zlarini yozib olganini bilmaganini, uning oldidan chiqqandan so‘ng telefonini yo‘qotib qo‘yganini, ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga kim tarqatganini ham bilmasligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ayni lavozimga 2019 yil 30 avgustda tayinlangan va bugungi kunga qadar hech qanday to‘y va boshqa marosimlar o‘tkazgani yo‘q. Shuningdek, tasarrufidagi xalq ta’limi bo‘limi va umumta’lim muassasalari rahbarlariga g‘ayriqonuniy talab qo‘yilmagan, qo‘yilmaydi ham. Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi tizimida bunday illatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Afsuski, bir maktab direktori va psixologining o‘zaro kelishmovchiligi butun xalq ta’limi tizimi va unda mehnat qilayotgan pedagog va rahbar xodimlar haqida jamoatchilikning fikri chalg‘ishiga sabab bo‘ldi. Xodimining qing‘ir ishini tekshirish yoki boshqa maqsadda rahbarlar nomidan foydalanib, yolg‘on va tuhmatlarni yog‘dirgan direktorning xatti-harakatini qanday baholash mumkin?
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video, unda aytilgan fikrlar isbotini topmadi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.