Maktabda olgan bilim bilan talaba bo‘lish qiyin(mi?)
Ayni damda bu savol ko‘pchilikni qiynayotgan, keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan masala. Afsuski, bugungi kunda qo‘shimcha pullik to‘garaklarga qatnashmasdan turib, talaba bo‘lgan yoshlarni topish qiyin. Zarnew.uz telegram kanali uchun talabalar orasida videoso‘rov o‘tkazganimizda bunga guvoh bo‘ldik.
- Maktabda olgan bilimim poydevor vazifasini o‘tagan, ammo o‘qishga kirish uchun yaxshiroq o‘quv markazida tayyorlanmasam bo‘lmasdi, - deydi talabalardan biri. – Ahamiyatlisi, keyingi yillarda oliy ta’lim muassasasiga kirish oson, u yerda o‘qish qiyin ekan. Zamonaviy tizimlar joriy etilib, o‘qimaydigan, o‘z ustida ishlamaydigan talaba oraliq va yakuniy imtihonlardan o‘ta olmasligiga sabab bo‘lmoqda. Bu yaxshi, albatta. Turli korrupsion holatlarning oldini olib, talabani izlanishga undayapti.
O‘qishga kirish oson bo‘lgan davrda ham yoshlarimizning talaba bo‘lishi uchun maktabda olgan bilimlari yetarli emasligi achinarli hol. Ayrim ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilargina repetitorga qatnamasligi mumkin. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilarining aksariyati pullik to‘garaklarda dars olmasa talaba bo‘lishi qiyin. Sifatli ta’lim beradigan bepul qo‘shimcha to‘garaklari mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari umuman yo‘q, deyish ham noto‘g‘ri. Bunday ta’lim muassasalari bor. Viloyatimizning Oqdaryo tumanidagi ayrim maktablarni bunga misol qilsak bo‘ladi.
- Tumanimizdagi mavjud 56 ta maktabni o‘tgan o‘quv yilida 1638 nafar bitiruvchi tamomladi, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti Dilfuza Arslonova. – Ularning 1438 nafari oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirib, 541 nafari davlat granti va to‘lov shartnoma asosida talabalikka qabul qilindi. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi bo‘yicha 28 foiz ko‘rsatkich bilan tumanimiz viloyatda ikkinchi o‘rinni egalladi. Bitiruvchilarining bir nafari ham talaba bo‘lmagan maktabimiz yo‘q.
Tumandagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabini o‘tgan o‘quv yilida 74 nafar yigit-qiz bitirib, 41 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.
- Bitiruvchilarimizning 12 nafari ingliz tilidan xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan edi, - deydi maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Nargiza Mamayusupova. – Ular uchun o‘qishga kirishda aynan shu fandan imtiyoz berildi va barchasi nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘ldi. Shogirdlarimning bunday yutuqqa erishishida mening ham ozgina bo‘lsayam hissam borligidan xursandman. Maktab ta’limi bilan o‘qishga kirish qiyin, degan gap qulog‘imizga ko‘p chalinadi. Ammo bitiruvchilarimizning aksariyati pul to‘lab repetitorga qatnamasdan, avvalo, maktab darslarida, qolaversa darsdan keyin tashkil etilgan bepul to‘garaklarda olgan bilimlari bilan talabalikka qabul qilindi.
Maktabda ana shunday bitiruvchilar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Buning uchun esa, albatta, o‘quvchilar va o‘qituvchilarga yetarlicha sharoitlar yaratilishi zarur bo‘ladi.
- Muassasamiz 960 o‘rinli bo‘lib, 1771 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, - deydi maktab direktori Komiljon Berdiqulov. – Ularning sifatli ta’lim olishi uchun imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz. Jumladan “Tashabbusli byudjet” loyihasining ikki mavsumida g‘olib bo‘ldik. Hozirgi kunda birinchi mavsumdan ajratilgan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga 220 o‘rinli qo‘shimcha bino qad rostladi. Ikkinchi mavsumda g‘olib bo‘lib, qo‘lga kiritilgan 1 milliard 320 million so‘m mablag‘ evaziga yana bir bino qurilishi boshlab yuborildi. “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman bosqichida birinchi o‘rinni egallab, 100 million so‘m, viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib esa 200 million so‘m mablag‘ni ham qo‘lga kiritganmiz. Bu ham maktabimizda ta’lim sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Maktabda 114 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ularning 27 nafari oliy toifaga ega, 10 nafardan ziyodi xalq ta’limi a’lochisidir. Shuningdek, bir nafar “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni, bir nafar “Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘lgan ustozlar ham bor.
- 43 yildan beri matematika va informatika fanlaridan dars berib kelaman, - deydi Dilorom Mamasharipova. – Shu yillar davomida o‘quvchilarim fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan. Informatika fanidan xalqaro olimpiada g‘oliblari bo‘lgan shogirdlarim bor. Ular erishgan yutuqlar sabab menga hukumatimiz tomonidan 10 ga yaqin ko‘krak nishonlari berildi. “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni bilan taqdirlandim.
Bu maktab o‘quvchilari nafaqat fan olimpiadalari va tanlovlarda, balki sport musobaqalarida ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelyapti. Maktabning voleybolchi yigitlari shu kunlarda o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning viloyat bosqichida birinchi o‘rinnni egallab, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tumanda 52-, 37-, 33-maktablar bitiruvchilari o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori o‘rinni egallab turibdi. Bu ta’lim muassasalari quyi o‘rinlarda turgan 6-, 25-, 42- va 50-maktablarga o‘rnak bo‘lyapti. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ularning tajriba almashishlari uchun tadbirlar amalga oshirilyapti.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.