Maktabda ta’lim sifatini nazorat qilmagan direktorlar va ularning o‘rinbosarlariga chora ko‘rildi
Umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlaridagi muammolarni joyida o‘rganish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosi va umumta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi holatini ko‘zdan kechirish maqsadida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislarining ishchi guruhi Bulung‘ur tumanidagi maktablarda bo‘ldi.
Bulung‘ur tumani hokimligida mazkur o‘rganish ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda hokimlik va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbar-xodimlari, mutaxassislari, tuman xalq ta’limi bo‘limi vakillari, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Tuman hokimi Bahodir Bahromov hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov o‘z nutqida xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, pedagog-xodimlarning jamiyatdagi hurmatini oshirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, Prezidentimizning doimiy e’tibor markazida ekanligini alohida ta’kidlashdi. Biroq ayni paytda ba’zi ta’lim xodimlarining o‘zibo‘larchilik kayfiyatida faoliyatiga yondashuvi bilan bu islohotlarni amaliyotga tatbiq etib bo‘lmasligini uqtirdi. O‘zgarishni istamayotgan, mas’uliyatni unutgan, xalq farzandining kelajagiga xiyonat qilayotgan pedagog-xodimlar sohada qolish-qolmasligini o‘ylab ko‘rishning vaqti kelganini qayd etishdi.
Boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhining o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan hisobotni o‘qib eshittirdi.
Bulung‘ur tumanida 69 ta umumta’lim maktabi bor. Ularning 54 tasidagi ta’lim-tarbiya jarayonlari, o‘quvchilarning davomadi, maktabda doimiy yuritiladigan hujjatlar, qaror va farmonlar, vazirlik hamda boshqarma buyruqlarining ijrosini ta’minlash holatlari bilan boshqarma xodimlari bevosita tanishdi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda tumandagi 35-maktabda 270 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib, 2,306 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 10 ta maktabning isitish tarmoqlari yangilandi, 12 ta maktabga 53 ta isitish qozonlari qurib berildi. 12 ta maktabda joriy ta’mirlash ishlari olib borildi, 7 ta maktabga yangi hojatxona qurish kabi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Shu yil tumandagi 7-umumta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi (Marhabo Suvonqulova) “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan, 42-umumta’lim maktabi direktori (Dilbar Maxramqulova), 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi (Nilufar Pardayeva) va 46-umumta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi (Dilafruz Toshpo‘latova) «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Afsuski, maktablarda mazkur yutuqlar bilan bir qatorda kamchiliklar ham bisyor. Tuman maktablarini bitirgan o‘quvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichlari, o‘quvchilarning bilim darajasi va pedagog-xodimlarning malaka va tajribasi bo‘yicha viloyat reytingida Bulung‘ur 8-o‘rinda.
2019/2020 o‘quv yili yakuni bilan Bulung‘ur tumanidagi 13 ta: 10-, 27-, 29-, 31-, 32-, 39-, 41-, 51-, 57-, 59-, 60-, 61-, 62-maktablarning birorta ham bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan. 13 ta maktabdan esa 1 nafardan, 10 ta maktabdan 2 nafardan bitiruvchi talabalikka tavsiya etilgan.
Joriy yilning 21, 25 va 26 noyabr kunlari maktablardagi o‘rganish ishlari davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi. 3-, 4-, 14-, 17-, 20-, 29-, 53-, 56-, 61- va 71-maktablarning direktor va direktor o‘rinbosarlari maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayonlarini nazorat qilishi, o‘qituvchilarning darslarini tahlil etishi, sinf jurnallarining yuritilishi, shuningdek, o‘quvchilarning davomadi bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Alohida ta’kidlash joizki, ta’lim-tarbiya jarayonlari va maktab rahbar-xodimlarining o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi yetmagandek, ular bugun sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan ham deyarli bexabar. Negaki, ular joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, 6 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan farmon va qarorlarning mazmuni haqida yetarli tushunchaga ega emas. Maktab o‘qituvchilariga namuna bo‘lishi lozim bo‘lgan mas’ullar bu haqda jo‘yali fikr ham bildira olishmadi.
Maktablarda kuz-qish mavsumi oldidan yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmagan holatlar ham kuzatildi. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning issiq kiyimlarda darsda o‘tirganini ko‘rish mumkin. Bunga muassasa xodimlari turli bahonalar o‘ylab topishga harakat qilishdi. Biroq qozonxonalarning sozligi o‘z vaqtida tekshirilmaganligi, kuldan tozalanmaganligi, har kuni sinfxonalarni isitishga kech kirishilayotgani va qo‘l uchida yondashilayotganligi, texnik xodimlarning mas’uliyatsizligi haqida biror kim “lom-mim” deyishmadi. Hojatxonalarning antisanitar holatda ekanligi, muntazam zararsizlantirilmay kelinayotgani kishi ta’bini xira qiladi. Ba’zilarida hojatxonaga kirib-chiqqan o‘quvchilarning qo‘l yuvishi uchun sharoit yaratilmagani muassasada mana shunday oddiy, ammo muhim tarbiyaga, ozodalikka loqaydlik bilan qaralayotganini ko‘rsatdi. 1-, 4-, 7-, 37-, 38-, 51-, 52-, 55- va 63-maktablarda shu kabi kamchiliklar kuzatildi.
Muhokamalar yakunida faoliyati davomida yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, ikki yildan buyon birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan (10-, 31-, 32-, 39-, 41-, 57-, 60- va 62-maktablar), ta’lim sifati va samaradorligiga loqaydlik qilib kelayotgan 17 nafar maktab direktorlariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, ayrimlari lavozimidan ozod etildi. Faoliyati davomida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va ta’lim-tarbiya jarayonlarini belgilangan tartibda nazorat qilmagan maktab direktorlari va direktor o‘rinbosarlari qat’iy ogohlantirildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.