Maktabda “Vatan tayanchi” bo‘ladi

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etilmoqda.

Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Uchqun Sa’dullayevning ta’kidlashicha, umumta’lim maktablarida tarkibi 20 nafar bo‘lgan 10-, 11-sinf o‘quvchilaridan iborat “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi. 

“Vatan tayanchi” harakati yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash, erkin fikrlaydigan, bilimli, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakati, xalqi va o‘z oilasining farovonligini ta’minlash orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalaydi. 

Yangi o‘quv yilidan boshlab harakat faoliyatida faol ishtirok etib, maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir otryadning bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Tegishli tavsiyanomalarga ega bo‘lgan otryad a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi. Berilgan tavsiyanomalar uch yil mobaynida amal qiladi.