Maktabimizda sinfxonalarni tozalash uchun ota-onalardan pul yig‘iladi. Farroshlar xona yig‘ishtirmaydimi?

Ushbu savolga AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova javob berdi:

➖ Sinfxonalarni o‘quvchilar navbatchilik asosida tozalashi tavsiya etiladi.

Joylarda esa ba’zi ota-onalar farzandlari sinfxonani yig‘ishtirishini xohlamagani uchun farrosh yollab, unga sinfxonani yig‘ishtirishi uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lash hollari kuzatiladi.

Shuni aytish joizki, o‘quvchilarning sinfini yig‘ishtirishi uchun navbatchilik tashkil qilishi ham bolada o‘ziga xos tarbiyani shakllantiradi. Bu esa bolaga erta yoshdan o‘zi o‘tirgan joyni toza va ozoda saqlash, birovning mehnatini qadrlashni o‘rgatadi. Shu sababli bolalar darslardan keyin sinfxonani yig‘ishtirish uchun navbatchilik tashkil etishi maqsadga muvofiq sanaladi.

Shu o‘rinda, maktablarda farroshlar uchun ajratilgan shtat birligi binolarning foydalaniladigan ichki qismi, shu jumladan, xizmat xonalari, yo‘laklar, zinapoyalar, faollar zali va sport zal hamda o‘quv sinflari maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 350 kvadrat metr tozalash maydoni uchun 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi.

Maktabda mashg‘ulotlar ikkinchi smenada ham olib borilganda, ushbu smenadagi o‘quvchilar foydalanadigan har 350 kvadrat metr tozalanadigan maydon uchun qo‘shimcha 0,25 birlik, uzaytirilgan kun guruhi mavjud bo‘lganda esa guruhga qatnovchilar foydalanadigan har 350 kvadrat metr tozalanadigan maydonga 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda farrosh lavozimi kiritiladi.