Maktablar zamonaviy qiyofa kasb etadi

Umumta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida Urgut tumanidagi umumta’lim maktablarida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Darhaqiqat, joriy yilda Investitsiya dasturi asosida Samarqand viloyatining tuman va shaharlaridagi jami 32 ta maktablarda 128,2 milliard so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. 2020 yil Investitsiya dasturiga binoan qo‘shimcha ravishda inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 65,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, viloyatdagi 22 ta umumta’lim maktabida qurilish ishlari amalga oshiriladi.

Ayni kunlarda Urgut tumanidagi 9- hamda 27-umumta’lim maktablarida ham qurilish va ta’mirlash ishlari jadal olib borilmoqda. 9-umumta’lim maktabida “Abdullayev Muhammad Amin” MChJ tomonidan 300 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlariga 1 milliard 865 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Tumandagi 27-umumta’lim maktabida ham qiymati 6 milliard 122 million 500 ming so‘m bo‘lgan mukammal ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Ayni paytda “Moxli Oqla” qurilish korxonasining 70 nafar ishchi-xodimi mehnat qilayotgan ushbu muassasada qurilish va ta’mirlash ishlari joriy yilning 1 sentyabrgacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, tumandagi 43-, 74- hamda 106-umumta’lim maktablarida ham bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.