Ma’naviyat targ‘ibotchilari - Samarqandda

Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, xonandalar, so‘z ustalari, taniqli olimlar, iste’dodli ijodkorlardan iborat ma’naviyat targ‘ibotchilari Samarqandga keldi.
Ular O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligini oldidan viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi umummilliy birdamlik bayram festivalida ishtirok etyapti.
Ma’naviyat targ‘ibotchilari dastlab, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida tashkil etilgan festival doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirda qatnashdi. Bu yerda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari va ularning oila a’zolari bilan uchrashib, keyingi paytlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda Vatanni, tinchlikni, shukronalikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi, qo‘shiqlar kuylandi. Poytaxtdan kelgan ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokidagi tadbirlar 3 kun davom etishi ko‘zda tutilgan.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi umummilliy birdamlik bayram festivali qariyb bir oy davom etadi.
To‘lqin SIDDIQOV.