Qo‘g‘irchoq teatri qanday ishlayapti?

Kichkintoylar dunyoqarashini shakllantirish, ularda san’atga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishda qo‘g‘irchoq teatri alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki katta sahnaga bo‘lgan muhabbat aynan qo‘g‘irchoq o‘yinlaridan boshlanadi.

Viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi ana shu muhim vazifani uddalayaptimi? Viloyat qo‘g‘irchoq teatrida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqida fikr yuritildi.

Ma’lum qilinishicha, teatr jamoasi shu yil 86 ming 786 nafar tomoshabinga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirgan. Hozirga qadar 45 mingga yaqin bolalar va kattalar spektakllardan bahramand bo‘lgan. Joriy yilning olti oyi davomida teatr jamoasi tomonidan 204 million so‘mdan ziyod mablag‘ ishlab topilgan bo‘lib, ushbu mablag‘ gastrol safarlari, xodimlarni rag‘batlantirish hamda dekoratsiyalar xaridiga sarflangan.

Qo‘g‘irchoq teatri respublika miqyosida yuqori natijalarga erishyapti. Hozirda 41 ta davlat teatri orasida eng ko‘p spektakl namoyish etib kelayotgan jamoa sifatida e’tirof etilmoqda. Teatr jamoasi xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham faol ish olib borib, to‘qqiz mamlakatning 12 ta davlat teatri bilan memorandum imzolagan va xorijiy gastrollarda ishtirok etmoqda.

– Teatr faqat sahna yoki parda emas, balki inson qalbiga yetib boradigan nozik ko‘prik, – deydi teatr direktori Feruzbek Abdurayimov. – Biz shu ko‘prikni mustahkamlash, yangi avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish, hayotga chiroq tutish yo‘lida mehnat qilyapmiz. Jamoamizda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat olib boradi. Ular 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun turli spektakllar namoyish etmoqda. Hozirgi kunda repertuarimizda 30 ga yaqin sahna asari mavjud. Ular orasida milliy va zamonaviy, tarixiy hamda xorijiy asarlar asosida tayyorlangan spektakllar bor.

Jumladan, “G‘aroyib musobaqa”, “G‘ozcha”, “Ali Qushchi”, “Sehrli xona”, “Tryam! Zdravstvuyte”, “Men katta bo‘lsam”, “Matonatli yurak” spektakllari nafaqat viloyat miqyosida, balki respublikadagi boshqa teatrlarda va gastrol safarlari davomida ham namoyish etib kelinmoqda.

Bilet narxi qimmatmi?

Matbuot anjumanida bilet narxlari ham jurnalistlar diqqat markazida bo‘ldi. Teatr direktori Feruzbek Abdurayimovning ta’kidlashicha, ayni paytda bilet narxi 25 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha belgilangan. Shu bilan birga, teatrga biriktirilgan o‘nga yaqin homiylar tomonidan ko‘mak berilmoqda. Shu sababli bolalar spektakldan tashqari turli viktorinalarda qatnashish, dam olish oromgohlari va ko‘ngilochar joylarga yo‘llanma yutish, shirinliklar bilan mehmon qilinish imkoniga ega bo‘ladi. Bayramlar arafasida va teatr haftaligi doirasida esa spektakllar barcha bolalar uchun bepul namoyish etiladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.