Maktablarda tadbirkor, usta va mutaxassislar jalb qilinib to‘garaklar ochiladi
O‘tgan yili 500 ta “til egalari” ish boshlagani o‘z samarasini berayapti. Bu amaliyotni kengaytirish uchun “til egalari”ni barcha maktablarga jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi.
Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi.
Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Ularga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi.
O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga malaka sertifikati beriladi.
“Maqsadimiz - maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”,
- dedi Prezident.