Maktablarda trening: o‘quvchilarga gigiyena qoidalari o‘rgatilmoqda

4 sentyabr kuni Samarqand shahar 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Birgalikda maktabga” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda maktab o‘quvchilarining gigiyena qoidalariga amal qilib, niqob va qo‘lqoplardan foydalanishi, dezinfeksiya vositalarini qanday qo‘llash amaliy ko‘rsatilib berildi.

Maktabda o‘quvchilarning xavfsiz, belgilangan tartibda kelib-ketishlari, ularning nazorati, tana haroratining o‘lchanishi, belgilab qo‘yilgan joyda qo‘llarini yuvishlari – barchasi trening tarzida o‘quvchilarga tushuntirildi.

Tadbirda Samarqand shahar prokurori D.Sayidqulov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i B.Nasriyev, shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i N.Sadinova, IIB, Milliy gvardiya, sog‘liqni saqlash bo‘limi xodimlari ishtirok etdi.

Xuddi shunday trening 4 sentyabr kuni Past Darg‘om tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Unda sektor rahbari tuman prokuror A.Valiyev va shu sektordagi maktab direktorlari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, SEO, sog‘liqni saqlash va IIB xodimlari ishtirok etdi.