Maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi sinfxonalar tashkil etiladi

O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi alohida sinf xonalari tashkil etiladi.

Xalq ta’limi vazirligining Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida institutda malaka oshirayotgan maktab direktorlari uchun seminar tashkil etildi. Tadbirda «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturi asosida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi qaror mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab umumta’lim maktablarida joriy etilishi mo‘ljallanayotgan «Yo‘l harakati xavfsizligi xonasi» va «Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi maydon» eskiz loyihalari namoyish etildi. Mazkur loyihalarda maktab o‘quvchilarida bolalikdan yo‘l harakati ko‘nikmalarini shakllantirish va bu orqali turli noxush holatlarning oldini olish ko‘zda tutilgan.