Maktabni tamomlamagan fuqarolar qanday qilib attestat olishi mumkin?

Turli sabablarga ko‘ra o‘z vaqtida umumiy o‘rta ta’lim olmagan, ya’ni maktabni tamomlamagan fuqarolar eksternat tartibida yakuniy attestatsiyalarni topshirish uchun ariza berishi mumkin. Ariza berish muddati my.gov.uz portali orqali 2025 yil 1 martdan 1 mayga qadar (1 may kuni ham qabul qilinadi) davom etadi.

Eksternat tartibida hujjatlarni qabul qilish tartibi, imtihonlarini o‘tkazish jarayonlari, talabgorlarning hujjalarini qabul qilish yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quv seminari o‘tkazildi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2025 yil 17 fevraldagi buyrug‘i bilan Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi (9-11-sinflar negizida) eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazuvchi “Viloyat eksternat maktabi” etib belgilangan.

Eksternlarni (ekstern — umumiy o‘rta ta’lim hajmidagi o‘quv dasturlarini davlat ta’lim standartlari doirasida mustaqil o‘zlashtirgan hamda attestatsiyadan o‘tkaziladigan shaxs) attestatsiyadan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

Umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnomaga ega fuqarolar 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, ekstern bir vaqtning o‘zida 9-sinf va 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.

Murojaatchilar +99833-770-71-50 raqami yoki telegram kanali orqali savollariga javob olishi mumkin.