Maktabni tugatib, diktantni «to‘rt»ga yoza olmagan o‘quvchining holiga o‘qituvchi aybdor

Universitetni tugatib, endi maktabga ishga kirgan o‘qituvchiga birdan to‘polonchi, hatto ism-familiyasini yozishda ham xato qiladigan, bir satr she’rni yoddan bilmaydigan bolalar ko‘p bo‘lgan sinf rahbarligini topshirib qo‘yishdi. Boshlang‘ich sinfni tugatib, yuqori sinfga ko‘chgan bu bolalar bilan ishlash yosh o‘qituvchiga o‘zgacha mas’uliyat yukladi. Birinchi navbatda o‘sha, to‘polonchi o‘quvchilarga e’tiborini qaratdi: har bir darsda ularni turli interfaol mashg‘ulotlarning lideri qilib qo‘yadigan, darsdan so‘ng qoldirib ular bilan jiddiy shug‘ullanadigan bo‘ldi. Natija ko‘pchilik kutmagan tarzda bo‘lib chiqdi, yil oxirida bayram o‘tkazilib, sinfdagi har bir bola g‘azal, she’r o‘qidi, zukkoligini namoyish etdi. Ota-onalar ham, boshqa ustozlar ham yosh o‘qituvchining mahoratiga tan berdi.
- Bolaligimda maktab-maktab o‘yinida doim o‘qituvchi rolini bajarganman, hecham o‘quvchi rolida bo‘lishni istamasdim, - deydi Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi (IDUM) o‘qituvchisi Feruza Tog‘ayeva. – Bolalarga topshiriq berish, uning ijrosini, jim o‘tirishini, ularga buyruq berish orqali talab qilish - o‘yindagi ustozning vazifalari shundan iborat edi. Agar yaxshiroq e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘yinimizdagi bu uslub o‘sha paytlar nafaqat ustozlarning, balki oiladagi tarbiyaning ham asosiy mezoni edi. Ushbu uslub naf berardi, bolalar ham kattaning har bir gapini ikki qilmaslikka intilardi. O‘zimizning oilada ham otam, tajribali o‘qituvchi, mening ustozim bizga shunday tarbiya bergan. Biz farzandlarning har birimizning darslarimizni tekshirish uchun kuniga kamida ikki soat vaqtini sarflardi. Karra jadvalini vaqtida yod olmaganim uchun kechasi ikkigacha uni yodlashga majbur qilganlari hamon yodimda. Bunday qat’iy tartib, intizom mening bugungi faoliyatimga ijobiy ta’sir o‘tkazgan, deb o‘ylayman.
- Bugunchi, siz ham faoliyatingizni shu uslubda olib borishning imkoni bo‘layaptimi?
- Albatta, yo‘q. Axborot asridagi bolalar bilan ishlashda afsuski, yuqoridan turib buyruq berib va buning ijrosini kutish orqali natija ololmaysiz. Lekin menga dars bergan ustozlar orasida ham o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, turli o‘yinlar orqali dars berganlari bor. O‘z kasbini yaxshi ko‘rgan, bilimini yoshlarga o‘rgatmoqchi bo‘lgan ustozlar buning usulini topishadi, qaysi davr, qaysi hududda bo‘lishidan qat’i nazar.
- Tarbiyani ham bevosita o‘qituvchini zimmasiga yuklash haqida ko‘p gapiriladi, bu haqda nima deysiz?
- Keyingi paytlarda oila muhiti bilan ta’lim o‘rtasidagi aloqa uzilayotgani juda achinarli. Bu masalani doim kuzatib, tahlil qilib boraman: ota-onalar bolasi bilan shug‘ullanishga bir kunda hatto yarim soat vaqt ajratmayapti. O‘qituvchining mehnati haqida oilada gapirilmaydi, ota-onalar farzandining ustozi kim ekanligidan bexabar hatto. O‘qituvchi yaxshi bilim berganining o‘zi tarbiya deb o‘ylayman. U bilimini shunday yetkazsinki, o‘quvchilar bilan shunday ishlasinki, o‘quvchilar o‘sha darsdan nimadir olsin. Tarbiya haqidagi ba’zi va’zlardan ko‘ra bu foydali deb o‘ylayman.
- Samarqand umumta’lim maktablari ta’lim sifati bo‘yicha mamlakat reytingida quyi pog‘onalarni egallagani sizda qanday fikrlarni uyg‘otdi?
- Bu holat ko‘pchiligimizga oydin bo‘lib qolgan jarayon edi. O‘qituvchilarning bilim darajasi qanchalik pasayib ketganini ko‘rib, kuzatib yuribmiz. Avvalgi yillarda test tizimidagi ba’zi adolatsizliklar, o‘sha talabalarning bir amallab institutni tugatib, bugun ish jarayonini boshlagani o‘z natijasini beryapti. Aytish kerakki, ularning saviyasi, bilim darajasini oshirish uchun yaxshi tashabbuslar bor. Deylik oyning ma’lum bir kuni fan o‘qituvchilari uchun seminar tarzdagi mashg‘ulotlar o‘tiladi. Tumanimizda bu darslar doimiy ravishda olib borilayotir, yaxshi natijalari ham bor. Ammo hamma fan bo‘yicha bu mashg‘ulotlar to‘liq o‘tilmasligi, shunchaki keldimi, keldi tartibida o‘tilayotgani ham afsuski haqiqat.
- Siz respublika miqyosidagi juda ko‘p tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagansiz. Masalan, yaqin yillarda «Eng namunali dars ishlanmasi», «O‘z kasbining mohir egasi» tanlovining respublika bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagansiz. Shogirdlaringiz orasida ham Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, turli tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallaganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu yutuqlarning hammasi kasbingizga muhabbat tufaylimi yoki mehnat qilgan odam albatta natijaga erishadi, degan aksiomami?
- Tumanimizda Alisher Navoiyning yuzlab g‘azallarini sharhi bilan yoddan biladigan, soliq, ba’zi qonuniy hujjatlarni chalkashmay aytib bera oladigan o‘quvchilar yildan-yilga ko‘paymoqda. Bu albatta shu yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlarning ta’sirida. O‘quvchidagi yilt etgan uchqun borki, u taqdirlanayapti. Buning ijobiy jihatlari ko‘p. Yigirma yildan beri o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan dars beraman, yuzlab o‘quvchilarim ustozlik kasbini tanlagan, yigirmadan ko‘prog‘i aynan shu fan o‘qituvchisi sifatida ishlayotgani men uchun juda quvonarlidir. Yuqorida ta’kidlaganimday, otamning tarbiyasi men uchun bir umr dasturalamal bo‘ldi, desam, adashmayman. Nafaqat har bir soatim, balki har bir daqiqam ham rejali. Navbatda turgan paytim ham bekor ketmaydi, kitob mutolaa qilaman.
- Yuqorida 9-sinfni tugatayotgan bola diktantni ko‘p xato bilan yozar ekan, bunga albatta o‘qituvchi aybdor, dedingiz. Sizning o‘quvchilaringiz yuz foiz bu masalada yaxshi natijaga egami? Agar shunday bo‘lsa, buning siri nimada?
- Oddiy ariza yozishda o‘nlab xato qilgan oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari haqida eshitdik. Lekin men nafaqat oliy, balki umumta’lim maktabini shunday xato yozib tugatayotgan o‘quvchilarning bu holiga o‘qituvchilar aybdor, deb hisoblayman. Eng qoloq o‘quvchining ham savodini yaxshilash o‘quvchiga bog‘liq, faqat u ko‘proq zahmat chekishi kerak. Shunday o‘quvchilarim bor, ularni to‘rt baho bilan maktabni tugatishiga erishgan holatlarim bo‘lgan. Eng oddiy usuli, ularga albatta 98 varaqli daftar tuttirib, tilga oid barcha qoidalarni, she’rlarni ko‘chirtiraman. Darsdan keyin albatta ular bilan shug‘ullanaman. Har bir sinfda to‘rt-beshta a’lochi, lider o‘quvchilar bo‘ladi, ulardan fodalanaman, qoloq o‘quvchilarga biriktirib qo‘yib, shu bilan ham ularning yetakchilik qobiliyatini rivojlantiramiz, qoloq o‘quvchining yaxshiroq bosqichga ko‘tarilishiga yordam beramiz.
- Bugungi ta’lim tizimini yaxshilash uchun faol, izlanuvchan, 20 yillik o‘qituvchi sifatida nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
- Bugun istalgan ijro organi kelib maktabni tekshirayapti, o‘qituvchining darsiga soatlab xalaqit beryapti. Bunga chek qo‘yish kerak, nazarimda. Hujjatbozlikni kamaytirayapmiz, deyapmiz, aksincha, hujjatbozlik shunchalik ko‘pki, o‘qituvchi o‘z darsiga tayyorgarlik ko‘rishga vaqt topolmayapti hozir. Garchi bu o‘qituvchilar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, bir holat og‘riqli masala bo‘lib kelmoqda. Bugun o‘zini tanigan, dunyoqarashga ega, u bu tashkilotda faoliyat ko‘rsatayotgan kishilar o‘z farzandi bilan 15 daqiqa shug‘ullanishga vaqt topolmayapti. Tunu kun jamiyat ishi bilan shug‘ullanish orqali, ehtimol, yaxshi maqsadlar ko‘zlangandir, ammo kelajak uchun bu yana bir muammoli holat deb o‘ylayman. Chunki har bir ota-ona farzandi bilan shug‘ullanmas, unga yetarlicha vaqt ajratmas ekan, kelgusida bu yaxshi natija bermasligi aniq. Cheka-chekka hududlardagi bolalarni to‘garaklarga jalb qilish, ularning darajasini ko‘tarish lozim. To‘g‘ri, Yoshlar ittifoqi, «Barkamol avlod» markazlari ish rejasida chekka qishloq maktablari bilan tizimli ishlash, o‘sha yerda to‘garaklar tashkil etish orqali o‘quvchilarni qiziqtirish belgilangan. Ammo hozircha bu rejalar to‘laqonli ishlamayapti.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.