Malaka oshirgan o‘qituvchi yakuniy imtihondan o‘ta olmasa nima bo‘ladi?

Maktab pedagoglari besh yilda bir marta faoliyatidan ajralgan holda malaka oshiradi. Zamon, taraqqiyotning tezlashishi, har bir kasb egalarining uzluksiz malaka oshirishini taqozo etmoqda. Xususan, maktab o‘qituvchilari muntazam o‘z ustida ishlamasa, zamon bilan hamnafas bo‘lmasa, hozirgi yosh avlodga yetarlicha ta’lim-tarbiya berolmaydi. Shuning uchun bugun tayanch maktablarda mentor-o‘qituvchilar tomonidan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etilgan. Ushbu tadbirlar haftada bir marta, ya’ni fan o‘qituvchisining maktabda darsi yo‘q kuni o‘tkaziladi. Viloyat matbuot uyida jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.
- Viloyatimizda 175 ta tayanch maktablar bo‘lib, ularga professor-o‘qituvchi va metodistlarimiz mentor o‘qituvchilar tayyorlab beradi, - deydi viloyat Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov. – O‘z navbatida mentor o‘qituvchilar “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida o‘qituvchilarni yangi metodikalar bilan tanishtiradi, ta’limdagi yangiliklardan xabardor qiladi, qisqasi ularning malakasini oshiradi.
Maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun, avvalo, o‘qituvchining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish kerak. Yangi tartibga ko‘ra, maktab faoliyatidan ajralgan holda bir oy malaka oshirgan o‘qituvchi yakuniy imtihondan o‘ta olmasa, uch oy ichida o‘z hisobidan kelib qayta o‘qishi lozim. Bu pedagoglarni yanada mas’uliyatli bo‘lishga, o‘z fanini puxta o‘rganishga majbur qiladi.
Bundan tashqari, markaz tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining ham malakasi oshirilmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun joriy yilning fevral oyidan boshlab “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun viloyatda 34 ta tayanch maktabgacha ta’lim muassasasi tanlanib, 34 nafar mentor-trener tayyorlangan. Ular orqali metodik mahorat tadbirlariga 764 nafar yetakchi-tarbiyachi va 10 ming 838 nafar tarbiyachi qamrab olingan.
Yildan yilga maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar soni ortayotgani, bu o‘z navbatida pedagoglarning ham o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat Pedagogik mahorat markaziga yangi o‘quv binolari va yotoqxonalar qurilishi rejalashtirilgani aytildi.
Xurshida ERNAZAROVA.