Malayziyadagi biznes-forumda samarqandlik tadbirkorlar ham bir qator kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston elchixonasi Samarqand viloyati tadbirkorlar delegatsiyasi, Kuala-Lumpur shahar meri Mahadi bin Che Ngax va Malayziyaning 20 nafarga yaqin yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etgan edi.
Forumda Malayziyaning ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, tibbiyot muassasalarini qurish va meditsina jihozlarini yetkazib berishga va boshqa yo‘nalishlarga ixtisolashgan kompaniyalari O‘zbekistonlik biznes doira vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida mamlakatimiz ishbilarmonlari “KK Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etish va o‘zbek mahsulotlarini ushbu kompaniyaning savdo tarmoqlari orqali Malayziyada sotish, shuningdek, “KK Supermart” savdo do‘konlari tarmog‘i filialini va Malayziya milliy taomlari restoranini Samarqand shahrida ochish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
“Syarikat Jasa” fabrikasi vakillari bilan to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, Kuala-Lumpur shahar meriga joriy yil 18-19 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Samarqand kunlariga bag‘ishlangan tadbirga taklifnoma taqdim etildi, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.