Mamlakatimiz oliy ta’limining tarixiy ildizlari teran

’’Xalq so‘zi” gazetasining 3 iyul sonida “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon. O‘zbekistonda ilm-fanning yangi Renessans davri boshlanmoqda" sarlavhasi ostida e’lon qilingan Oliy Majlis Senati a’zosi, Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov bilan bo‘lgan suhbatda bildirilgan fikr-mulohazalar ilmiy asoslanganligi nuqtai nazaridan alohida diqqatga sazovordir.

Darhaqiqat, Vatanimizning shonli o‘tmishini o‘rganar ekanmiz, bevosita ta’lim tarixi uning ajralmas qismi ekanligi ko‘zga tashlanadi. Ta’limning esa ilk davrlari maktab va madrasalar faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Manbalardagi ma’lumotlar ilk madrasalar Buxoro hamda Samarqandda VIII-IX asrlardayoq vujudga kelganligini ko‘rsatadi. Buxoroda Farjak Faqihlar madrasasi, Samarqandda Raboti Roziyon va Ibrohim Tavg‘ochxon madrasalari ana shunday dastlabki madrasalar bo‘lganligi ma’lum.

Sharq Uyg‘onish davri allomalari ham boshlang‘ich bilimlarni madrasalarda egallashgan. Ta’lim tizimi, maktab, madrasalar faoliyat yuritganligi uchun ham jahon ilmu faniga buyuk hissa qo‘shgan Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino kabi olimlar kamolga yetgan.

Ikkinchi Sharq Renessansi Temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Samarqand ilm-fan marka¬ziga aylandi. 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasi qurilgan va o‘z faoliyatini boshlagan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida ijod qilgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy hamda Ali Qushchi o‘z davrining akademiklari bo‘lgan. Bu davrda Samarqandda yaratilgan asarlar dunyo ilm-faniga, ayniqsa, astronomiya, aniq va tabiiy fanlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi.

Suhbatda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasasining davomchisi hamda vorisi sifatida e’tirof etilib, bu borada ilmiy dalillar keltiriladi. Universitetning 600 yilligini nishonlash masalasi ilgari suriladi. Bu tashabbusni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz.

Albatta, Vatanimiz ilmu fanini dunyoga taratgan ta’lim maskanlari tarixini o‘rganish juda muhimdir. Mustaqillik yillarida shaharlar va buyuk allomalarning yubileylari ko‘plab o‘tkazildi. Lekin ta’lim mas¬kanlari tarixi hamda u bilan bog‘liq sanalar hali nishonlangan emas.

Samarqand davlat universitetining shonli tarixi Mirzo Ulug‘bek madrasasiga bog‘lanishi xalqimizni g‘oyatda xursand qilib, ko‘ksini g‘ururga to‘ldirishi aniq. Zero, Yevropadagi Sorbonna, Oksford, Bolonya, Kembrij universitetlari XII-XIII asrlarda dastlab cherkovlar qoshida vujudga kelgan maktablar bo‘lgan. Dunyoviy ilmlar o‘qitilishiga cherkov yo‘l bermagan. Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida esa ulardan farqli o‘laroq dunyoviy ilmlar o‘qitilgan va ilmiy tadqiqotlar olib boradigan alohida ilmiy laboratoriyalarga ham ega bo‘lgan.

Samarqand davlat universitetining yubileyini keng nishonlash jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Shu yil 26 iyunda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida Samarqand davlat universitetining 600 yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingani ham buning isbotidir.

Oliy ta’lim tizimining tarixiy ildizlarini manbalar asosida tahlil qilish va ularni o‘rganish kelgusi ta’lim taraqqiyoti uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Suhbatda ta’kidlanganidek, O‘zbe¬kiston ta’lim tizimi shakllanishi va rivojlanishini milliy madaniyatimizning O‘rta asrlardagi yutuqlari bilan bog‘lash davlatimiz rahbarining ta’lim sohasida olib borayotgan islohotlarining bir ko‘rinishi sifatida, uning natijalari yoshlarni vatanparvarlik hamda ilmiy-madaniy merosimizga faxru iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro darajaga chiqishi va dunyo reytingida munosib o‘rin egallashi uchun ham ularning tarixi¬ni chuqurroq o‘rganish talab etiladi. Shu ma’noda, professor R.Xolmurodovning tashabbusi nafaqat Samarqand, Buxoro, Toshkent yoki Xorazmda, balki butun mamlakatimizda oliy ta’limning rivojlanish tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.

Tursunboy RAShIDOV,

akademik.

("Xalq so‘zi" gazetasining 2020 yil 14 iyul sonidan)