“Ma’naviyat festivali” targ‘ibotchilari Narpayda
Poytaxtdan kelgan bir guruh taniqli olim, adabiyot va san’at namoyandalaridan iborat targ‘ibotchilar ishtirokida Samarqandning qator mahalla, qishloq, jamoat tashkilotlarida muloqotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilyapti.
Ma’naviyat festivali tadbirlari Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridan boshlandi. Narpay tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvda jamoatchilik vakillari, xotin-qizlar va tuman yoshlari ishtirok etdi. Targ‘ibot guruhi a’zolari - O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sirojiddin Raupov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehmonali Salimov hamda falsafa fanlari doktori Munira Qahhorova mamlakatimizda keyingi yillarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy islohotlarning tub mohiyatiga to‘xtaldi. Yoshlar ijodkorlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
- Har bir millat, mamlakat tarixida buyuk sanalar bisyor, ularning hammasi ham qadrli, o‘ziga xos, - deydi aktyor Mehmonali Salimov. - Ammo shunday sanalar bo‘ladiki, uning ahamiyatini o‘lchaydigan mezon yo‘q. Eng ulug‘, eng aziz bayram - Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgan sana biz uchun ana shunday qadrli va suyukli kun. Bunday tadbirlar yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Ma’naviyat festivali doirasida “Ma’rifat soatlari”, “Mening ilk kitob javonim”, “Vatan madhi”, konsert-dasturlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi ma’rifiy tadbirlar viloyatimizning boshqa tuman va shaharlarida davom etmoqda.