Mansabdor shaxslar 600 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirib yubordi

Samarqandda konsalting xizmati ko‘rsatuvchi MChJlar, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mansabdor shaxslari va boshqalar eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirib yuborganligi aniqlandi.

Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ (sobiq Eksportni rag‘batlantirish agentligi) tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam mablag‘larining maqsadli ishlatilishi holati o‘rganilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, AJ tomonidan 5 ta — «A.F» xususiy korxonasi, «Q.J», «O.G», «A.Sh» fermer xo‘jaliklari va «S.M.M» MChJga konsalting xizmati uchun 9 ta sertifikat olishga 709,0 million so‘m subsidiya ajratilgan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda sertifikat olishga konsalting xizmati ko‘rsatuvchi «W.M», «D.Q.S» MChJlar, shuningdek, «O.M.S." XK yuqorida qayd etilgan fermer xo‘jaliklari va MChJga aslida ko‘rsatilmagan konsalting xizmatlari uchun soxta hujjatlar tayyorlab, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi»ga taqdim etgan va jami 600 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘z hisob raqamlariga o‘tkazishga erishganligi aniqlandi.

Qayd etilgan holatlar bo‘yicha ushbu konsalting xizmati ko‘rsatuvchilar, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.