Maqsad aniq olinmasa yoxud Bandlik dasturi tasdiqlanmasa, ish o‘rinlari yaratilmaydimi?

Yaqinda Jomboy tumanida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi holatni o‘rganish davomida shunday savolga duch keldik?

Dastlab ayrim jihatlarga e’tibor qaratsak. Amaldagi tartibga ko‘ra, ishsiz, lekin uni izlayotgan fuqaroga uch oy bazaviy hisoblash miqdorida (223 ming so‘m) ishsizlik nafaqasi tayinlanadi. Jomboy tumanida yil boshidan buyon 65 kishiga ana shunday nafaqa tayinlangan. Yana qancha odam jamoat ishlariga jalb qilingan, qanchasidir kasbga o‘qitilgan.

Raqamlarni keltirmayotganimning sababi bor: bu harakatlar biror fuqaroning arzirli daromad olishi, shuning orqasidan ro‘zg‘or tebratishida hech qanday ahamiyatga ega emas. To‘g‘ri, buyam bir chora bo‘lishi mumkin, faqat qog‘ozlarni to‘ldirayotgan raqamlar amalda ham shunday bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

- Ishsiz fuqarolarga ma’qul keladigan ish topilmagan hollarda ular "Usta-shogird" an’analari asosida qiziqishiga qarab hunarmandlarga biriktiriladi, - deydi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Sherzod Norboyev. – Bundan tashqari, hunarmandlarga shogirdlikka necha kishi berilgani yodimda yo‘q, lekin Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA) va tuman informatika kasb-hunar kollejida kasbga o‘qitiladi.

Biz o‘tgan davrda qancha odamga kasbga o‘qitilgani, ular asosan qaysi mutaxassislar bo‘yicha qayta tayyorlanganini bilish uchun qayd qilingan kollej mutasaddilari bilan bog‘lanmoqchi bo‘ldik. Ma’lum bo‘lishicha, bu kollej o‘tgan yili faoliyatini tugatgan, ayni damda bu yerda umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat olib borayotgan ekan.

Bu holat hafsalamizni pir qilsa-da, maqtashga arzigulik jihat qidirdik. http://ish.mehnat.uz/ saytida tumandagi korxona va tashkilotlarda 51 vakansiya – bo‘sh ish o‘rni mavjudligi qayd etilgan. Hammasida turlicha bo‘lgan ish haqlari. Ammo tumandagi 8-maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalar ovqatlari oshpazi (saytda qanday bo‘lsa shundayligicha keltirdik) kerak ekan. Yarim shtat bo‘lgan lavozim uchun 280 ming so‘m oylik ish haqi yozilgan. Vaholanki, amaldagi tartibga ko‘ra, bir shtat uchun 679 ming so‘mdan kam ish haqi hisoblash mumkin emas. Bu haqda markaz mutasaddilariga bildirganimizda ular yelka qisishdan nariga o‘tmadi.

- Bir ko‘rish kerak, hozir aniq gap aytolmayman, - deydi Sh.Norboyev.

Vakant ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiyatchilik yoki xo‘jako‘rsin uchunligini tuman moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimi vakant, deb ko‘rsatilganligidan ham bilishi mumkin. Chunki bu lavozimda yangi nomzod ish boshlaganiga 6-7 kun bo‘lgan vaqtda ham u vakant ish o‘rinlari ro‘yxatidan olinmagan.

Aslida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda joylardagi mehnat inspektorlari “qo‘l va oyoq” bo‘lishi kerak. Jomboy tumanida 4 nafar mehnat inpektori faoliyat olib boradi. Bir oyda 1300-1500 ming so‘m atrofida ish haqi oladigan mehnat inspektorlari 4 ta sektorga biriktirilgan.

- Asosan, haq to‘lanadigan jamoat ishiga band bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilaman, - deydi tumandagi mehnat inspektorlaridan biri. – Bundan tashqari, yordam puli, ikki yoshgacha bo‘lgan farzandi tarbiyasi uchun nafaqa so‘raganlarning oilaviy ahvolini o‘rganib, xulosa beraman. Subsidiya olishni istaydiganlarga bu boradagi tartib-qoidalarni tushuntirib, zarur yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman.

Anglaganingizdek, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari davlat tomonidan berilayotgan yordam egalariga yetib borishi bilangina shug‘ullanyapti. Aslida ular odamlarni ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish uchun soliq idorasigayam, mahalla fuqarolar yig‘ini raislarigayam, qo‘yingchi, o‘nlab mutasaddilarga yomon ko‘rinishi shart emasmi?! Nega?

Buning uchun ular tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida belgilangan har bitta ish o‘rni muddatidan kechikmasdan tashkil qilinishini monitoring qilishi kerak. Bu orqali tadbirkor yo‘liga byurokratik to‘siq bo‘layotgan ayrim mutasaddilarni fosh qilishiga to‘g‘ri keladi. Yuzaga kelayotgan shu va boshqa muammolar haqida hokimga ma’lumot kiritib tursa, bundan birinchi navbatda bandlikka ko‘maklashish markazi mutasaddilari yutadi-ku.

- Joriy yilda yangi ish o‘rinlari yaratish va bandlik parametrlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilinmadi, - deydi Sh.Norboyev. – Shuning uchun dasturlar ijrosi bilan tuman hokimligi investitsiya bo‘limi shug‘ullanyapti.

- Dastur ijrosimas, u orqali yaratiladigan ish o‘rinlari haqida qiziqqanmisiz?

- Nechta korxona tashkil qilingan bo‘lsa, hammasining ro‘yxati, ularda yaratiladigan ish o‘rinlari soni yagona darchada (davlat xizmatlari markazi - tahririyat) bor...

Ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda o‘tgan besh oyda 811 kishi ish bilan ta’minlangan. Bu raqam olti oy uchun qancha bo‘lishini so‘rab ovora bo‘lmadik. Yaratilishi davlat dasturlarida belgilangan ish o‘rinlarining real holati bilan qiziqmagan mutasaddidan qisqarishi ehtimoli bo‘lgan ish joylarini yo‘qolmasligi uchun ko‘rayotgan chorasi haqida so‘rash befoyda.

Shunday bo‘lsa-da, bir mulohazani aytmasak bo‘lmas. Mutasaddilar tadbirkorlikka ishtiyoqmand kishilar yetarlicha topiladigan, ko‘pgina qulayliklarga ega hududda joylashganligi uchun Samarqand shahri va tumanlardagi ishbilarmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otadigan Jomboy tumanida kovorking markazi, “Yoshlar mehnat guzari” tashkil qilish rejalashtirilmayotganini ma’lum qilishdi.

Suhbat davomida pandemiya davrida korxonalar to‘xtab qolmasligi, oqibatda ishsizlar ko‘paymasligi uchun Prezident qarori bilan korxonalarga belgilangan imtiyozlar haqida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mutasaddilarida hech qanday axborot yo‘qligidan ajablandik.

Bundan yaratilgan ish joylarida mehnat sharoitlari, ishga qabul qilinganlarning keyingi taqdiri, ularga berilayotgan ish haqlari alohida mavzuligini anglab yetdik. Shu bois, yangi uslub va metodlarni qo‘llashga harakat qilmayotgan, mavjud muammolar yuzasidan hokimga masala kiritmayotgan tizim kelajagi haqida xulosa qilmasdan ortga qaytdik.

Yoqubjon MARQAYeV.