Maqsad sari dadil qadam
Shunday vaqtlarda o‘zi ham ijod qilgisi, Samarqandning qadimiy osori- atiqalari, ertaknamo bog‘lari haqida yozgisi, dong‘ini dunyoga doston etgisi kelardi. Oradan yillar o‘tib, qizaloq ulg‘aydi. U hamon o‘sha orzulari bilan yashaydi, kechalari qalam tebratadi, kunduzlari nazariy va amaliy bilimlarini boyitadi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti 4-bosqich talabasi Dilshodabonu Avvalboyeva faol yoshlardan. Uning jurnalistika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lishi fikrimizni tasdiqlaydi.
– Dilshodabonu Avvalboyeva intiluvchan talaba sifatida professor-o‘qituvchilarimizning hurmatiga sazovor bo‘lgan, – deydi fakultet dekani Alisher Matyoqubov. – U o‘zining mehnatsevarligi, jamoat ishlarida faolligi, darslarni yaxshi o‘zlashtirishi bilan ajralib turadi. Dilshodabonu birinchi kursdan boshlab matbuotda faol ishtirok etib, yoshlar muammolariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Dilshodabonu "Hurriyat", "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati", "Kuch-adolatda", "Sado", "Yangi avlod" kabi markaziy nashrlarda, kun.uz, norma.uz, sharh.uz, tafsilot.uz, telegraf.uz, tnews.uz kabi o‘nlab huquqiy, tahliliy, axborot saytlarida yoshlar hayoti va muammolariga oid maqolalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Uning qator maqolalari ixtisoslashgan xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida, konferensiya to‘plamlarida chop etilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yil 9-10 avgust kunlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan "Yoshlar – kelajak bunyodkori" shiori ostida uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishishning ilmiy-amaliy masalalari"ga bag‘ishlangan respublika konferensiyasida faol ishtirok etgan Dilshodabonuning ma’ruzasi to‘plamda e’lon qilindi.
Iqtidorli talabaning "Reklamaning televideniye taraqqiyotiga ta’siri", "Press-reliz qanday yoziladi?", "Biz bilgan va bilmagan dunyo", "Imo-ishora tili" kabi uslubiy qo‘llanma va risolalari kitob holida chop etilgan. U mashhur adib Deyl Karnegining asarlarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi va to‘plam holida nashr ettirdi.
– Hozirgi kunda "O‘zbekistonda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni" mavzusida ilmiy izlanish olib boryapman, – deydi Dilshodabonu. – O‘zbekiston tom ma’noda yoshlar mamlakati. Chunki mamlakatimizda 18 yoshgacha bo‘lganlar aholining 35 foizini, 30 yoshgacha bo‘lganlar esa 64,5 foizni tashkil etadi. Shunday ekan, avvalo, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifalardan sanaladi.
Dilshodabonu Avvalboyeva ilmiy izlanishlar olib borish bilan birgalikda respublika miqyosida tashkil etilayotgan tanlovlarda ham muntazam qatnashib kelmoqda.
Joriy yilda u BMT va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan o‘tkazilgan "Sud-huquq islohotlari jurnalist nigohida" ko‘rik-tanlovining "Eng yaxshi internet materiali" nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. "Amaliyot e’tirofi – 2017" tanlovining ilmiy maqolalar yo‘nalishi bo‘yicha g‘olibi bo‘ldi. O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining faol a’zosi sifatida partiya tomonidan tashkillashtirilgan turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Dilshodabonu Avvalboyeva bolaligidagi orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida tinmay harakat qilmoqda, olg‘a intilmoqda. Yoshlarimizning har bir vakili o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, ular sari dadil qadam tashlasa, kelajagimiz, albatta, buyuk bo‘ladi!