Maqtov “tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilikdir”

Tuhmat va haqorat, degan jinoyatlarni g‘ayrikriminallashtirish taklifi amalga oshishi kerak. Bu qonunbuzarliklarning ma’muriy va fuqarolik kodekslarida bo‘lishi yetarlidir. So‘z uchun, fikr uchun qamoq jazosi bo‘lishi mamlakatda fikr erkinligiga hech qachon yo‘l bermaydi. Biror bir taraqqiy qilgan, madaniy xalqda va davlatda bunday modda mavjud emas. U faqat avtoritar va totalitar davlatlarda qolgan. Uni mansabdorlar tanqiddan qo‘rqqani uchun ushlab turadi va xalqqa shunday deydi: «Nahotki, sizga gazetada yoki internetda tuhmat yo haqorat qilishsa va jazosiz qolsa?!».

Avvalo, jazosiz qolmaydi – ma’muriy va fuqarolik kodekslariga ko‘ra jazolanadi, jarima to‘laydi, OAV yopilishi mumkin. Qolaversa, OAV qonunchiligiga ko‘ra, yolg‘on ma’lumotlar raddiya qilinadi va fikrlarga javob bera oladi. Faqat so‘z uchun qamoq jazosi bo‘lmaydi, xolos. Agar bir jurnalist so‘zi uchun qamalar ekan, qolgan minglab jurnalistlar tanqiddan tiyiladi, jim o‘tirishni yoki maqtashni afzal ko‘radi. Maqtov esa «tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilikdir».

Karim BAHRIYeV.