“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi: “Prezidentga va’da berganman”
Sherbek Islomov 2003 yilda Urgut tumani Qaynarbuloq (Zinak) mahallasida tug‘ilgan. Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar ta’lim oladigan 59-sonli maxsus maktab-internatda o‘qigan. O‘quvchilik yillaridayoq qalb ko‘zi bilan anglagan she’riy mashqlaridan “Quyoshga tik qaraganlar” nomli she’riy to‘plamdan ijod namunalari o‘rin olgan. She’rlarida Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, tabiat tasviri hamda qalb kechinmalari o‘z ifodasini topgan.
- Nuqsoningizni yuzingizga aytishsa, alam qiladi, lekin bu sizni kuchli bo‘lishga ham undaydi, - deydi Sherbek. – Inson hayotda kim bo‘lishidan qat’y nazar, har doim maqsadi sari intilib yashashi va tinmay mehnat qilishi kerak. Faoliyatim davomida turli ko‘rik-tanlovlar g‘olibi va sovrindori, respublika fan olimpidasi g‘olibi bo‘lganman. Bo‘sh vaqtimda ijod bilan shug‘ullanaman va turli cholg‘u asboblarini chalaman.
2022 yil fevral oyida Prezidentimiz Samarqandga tashrifi doirasida ko‘zi ojiz bolalar ta’lim oladigan 59-sonli maxsus maktab-internatida bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan uchrashgan edilar. O‘shanda Yurtboshimiz bilan bo‘lgan suhbatda kelajakdagi rejalarim va takliflarimni aytib, yuksak natijalarga erishishga va’da bergandim. O‘tgan yil ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan respublika fan olimpiadasida g‘olib bo‘lib, grant asosida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Yoshlar kuni arafasida yutuqlarim va kamtarona ijodim e’tirof etilib, davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Rosti, bunday e’tibor va e’tirofdan boshim ko‘kka yetdi, oldimga qo‘ygan maqsadlarimga erishishda katta turtki bo‘ldi. Kelajakda bundan-da yuksak natijalarga erishishga, ota-onam va Prezidentimiz ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman.
***
Charos Balikova: E’tirof shijoat, kuch-g‘ayrat bag‘ishladi
Keyingi paytda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish, sportchilarning shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar viloyatimizda ham o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, 2021-yilda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, 2022-yil O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida Samarqand paralimpiya sport markazi faoliyat boshladi. Hozirgi kunda markazda 13 ta paralimpiya sport turidan 312 nafar sportchi 48 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida shug‘ullanib kelmoqda va sportchilar mamlakat chempionati hamda xalqaro turnirlarda yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.
- Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimiz parasportchilari xalqaro sport musobaqalarida 17 ta medalni qo‘lga kiritdi, - deydi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Arslonbek Yorqulov. - Jumladan, O‘zbekiston chempionatlarida 4 ta oltin, Osiyo musobaqasida 1 bronza, xalqaro musobaqalarda 1 ta oltin , 1 kumush, 2 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, “Besh tashabbus paralimpidasi”da 5 ta parasport turidan 6 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Davlatimiz rahbarining “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganlar. Ular orasida parashashka bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi, Samarqand davlat chet tillar institutining 3-bosqich talabasi, qo‘shrabotlik Charos Balikova ham bor.
Charos Balikova faoliyati davomida parashashka bo‘yicha o‘n karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati g‘olibi va olti karra jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.
– 4-sinfligimdan parashashka bilan shug‘ullanaman, - deydi Charos. – Doim yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarishni istardim va maqsadim yo‘lida to‘xtab qolmadim. 2015-yilda ilk bor O‘zbekiston chempioni bo‘lganimdan keyin terma jamoaga qabul qilindim. 2017-yilda esa Bolgariyada o‘tkazilgan jahon chempionatida jahon chempioni bo‘ldim. Keyinchalik ko‘plab xalqaro turnir va chempionatlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Mehnatlarim yuqori baholanib, mukofot berilganidan juda xursandman. Prezidentimiz e’tirofi menga shijoat va kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Bu nafaqat mening, balki oila a’zolarim va ustozlarim xizmatlari uchun berilgan yuksak baho deb o‘ylayman.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.