Marhum gapirmaydi, hujjat “gapiradi”

Urgut tumanida faoliyat boshlaganimda e’tibor berdimki, o‘lganlik faktini aniqlash ishlari juda ham ko‘p ekan. Ko‘p holatlarda fuqaro o‘limidan keyin uning yaqinlari o‘lim haqidagi guvohnomani olmas ekan. Og‘ir musibatni boshidan kechirgan shaxsning bu kabi masalani hal qilishga vaqti va istagi ham bo‘lmaydi. Lekin marhumning yaqinlariga bu hujjat baribir kerak bo‘ladi va bu ancha vaqt talab qiladi.

Mazkur holat yuz berganda (bir fuqaro vafot etganda) o‘lim haqidagi guvohnomani olish tartibi qanday bo‘ladi?

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 7-bobiga ko‘ra, o‘limni qayd etish marhumning yashash joyi yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘limni qayd etish to‘g‘risidagi ariza o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma berilgandan keyin 3 kundan kechikmay berilishi kerak. Marhumning yaqinlari ushbu hujjatlar bilan, ya’ni ariza va o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma bilan yashayotgan joydagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi va o‘lim haqida guvohnoma oladi.

Lekin fuqaro ushbu tartibga amal qilmay, bir necha yillardan keyin murojaat qilsa, albatta, uning arizasiga rad javob berilib, sudga vafot etganlik faktini aniqlash haqida ariza bilan murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.

Ariza namunasini olish uchun fuqaro-arizachi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytiga (www.sud.uz) kirib, yuklab olishi mumkin. Davlat boji va pochta xarajatini to‘lash uchun fuqaro avval Oliy sudning yana bir sayti-billing.sud.uzga kirib, invoys raqamini olib, naqd ko‘rinishida bank kassasiga yoki onlayn tarzda click va boshqa to‘lov tizimlaridan foydalangan holda to‘lash imkoniyati bor.

F.Muxtorov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi sudyasi.