Markaz ko‘zlangan maqsadga erishmoqda bitiruvchilar bandligi ta’minlandi

O‘tgan vaqt davomida markazda qanday ishlar amalga oshirildi? Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilyaptimi? Markaz direktori, texnika fanlari doktori, professor Ismoil Ergashev bilan suhbatimiz ana shu xususida bo‘ldi. 

–Avvalo, markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

–  Markaz tashkilot va muassasalar buyurtmasiga asosan tuman, shahar bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan yo‘llanma asosida yuborilgan ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va qayta o‘qitishni amalga oshirish uchun tashkil qilingan.

– Aynan qanday kasblarga?

– Yoshlar asosan, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash va chilangarlik ishlari, elektrotexnika va elektronika, axborot texnologiyalari operatorlari, kompyuterlar va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashga yo‘naltirilgan kasblar bo‘yicha o‘qitiladi.

 – O‘tgan bir yil davomida markaz tomonidan bu borada qanday ishlar amalga oshirildi? 

– Joriy yilning 30 iyun kuni markazning 211 nafar birinchi bitiruvchisiga tantanali ravishda diplomlar toshirdik. Bugungi kunda barcha bitiruvchilar turli korxonalarda ishlayapti. Ularning 51 nafari yirik sanoat, 32 nafari ko‘p tarmoqli, 100 dan ko‘prog‘i xususiy korxonalar, 14 nafari ta’lim muassasalariga ishga joylashdi. 10 nafari o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 

– Dastlabki bu muvaffaqiyatlarda qanday omillar muhim ahamiyat kasb etdi, deb o‘ylaysiz? 

– Asosiy omillardan biri, bu O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan markazga bo‘lgan alohida e’tibor va doimiy nazoratning o‘rnatilganligidir. Shuningdek, markaz moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan zamonaviy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. Talabalarga Koreya ta’lim va texnologiyalari universitetida malaka oshirib kelgan o‘zbekistonlik va koreyalik malakali o‘qituvchilar dars berayotganligi ham bunda muhim omil sanaladi. Mashg‘ulotlar o‘ziga xos o‘quv rejalari, darsliklar va barcha o‘quv materiallari amaliy o‘rgatishga yo‘naltirilgan, ya’ni nazariya va amaliyot bilan uyg‘unlashtirilgan. Markazda "Learning – by doing", ya’ni "Bajarib o‘rganaman" uslubi  qo‘llaniladi. 

Bundan tashqari, markaz o‘tgan bir yil davomida 50 dan ortiq mahalliy va qo‘shma korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Hozirda talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti ushbu korxonalarda o‘tkaziladi va eng yaxshi bitiruvchilar shu yerning o‘zida ishga olib qolinmoqda. 

Bu yerda til o‘rgatish markazi tashkil etilgan bo‘lib, talaba darsdan keyin ingliz, koreys, yapon, rus tillarini ham o‘rganish imkoniyatiga ega. O‘tgan bir yil davomida markaz tinglovchilarining 5 nafari koreys tilidan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, Koreya hukumatining maxsus sertifikatiga ega bo‘ldi.

– Markazda kelgusidagi rejalar qanday?

– Kelgusida markaz moddiy-texnik bazasini qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish orqali yanada mustahkamlash, Koreya universitetlari bilan hamkorlikda yangi kasb bo‘yicha o‘qitish uchun o‘quv-metodik va moddiy-texnik bazani tashkil etish, markazda avtomaktab ochish orqali bitiruvchilarning qo‘shimcha kasb egallashiga imkoniyat yaratishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, sanoat korxonalari bilan uzviy aloqalarni rivojlantirish orqali "Family company", ya’ni "oilaviy korxonalar" sonini yanada oshirish ham asosiy rejalarimizdan biridir.