Markaziy bank viloyat boshqarmasi nimani yashiryapti?

Shu yilning 27 sentyabr kuni Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanib, viloyatimizda aholiga ipoteka krediti ajratish masalasi hamda Prezidentimizning 22 sentyabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mohiyati yuzasidan mutaxassis bilan suhbat tarzida maqola tayyorlash niyatida ekanligimizni ma’lum qildik.

Kelishilgan kuni, ya’ni 29 sentyabrda boshqarma binosiga bordik. Biroq biz bilan suhbat qilib, savollarimizga javob berishi lozim bo‘lgan bank mutaxassisi savolnoma bilan tanishgach, jonli intervyu berishdan bosh tortdi. Noiloj, unga javob yozish sharti bilan savolnomaning elektron shaklini qoldirdik. Lekin, mana, oradan shuncha vaqt o‘tsa hamki, mas’ullardan xabar yo‘q.

Aslida, bu mazkur idoradan ma’lumot olish jarayonidagi birinchi muammo emas. Bundan oldinroq ham muxbirlarimizdan biri bankdan viloyatdagi naqd pul aylanmasi masalasida axborot so‘rab, ancha ovora bo‘lgan edi.

Savol tug‘iladi, mas’ullar nega axborot berishni istamayapti? Qonunchiligimizda bu turdagi idoralar faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari aniq va ravshan qilib belgilab qo‘yilgan-ku. Muammo nimada? Yoki Samarqandda ipoteka krediti masalasi yopiq mavzumi?