Mart oyida o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi?

Yaqinlashib kelayotgan mart oyida kalendar bo‘yicha dam olinadigan 2 ta bayram kunlari bor. Biri - Xalqaro xotin-qizlar kuni, ikkinchisi, Navro‘z umumxalq bayrami.

Joriy yilda 8 mart kuni xodimlar uchun hech qanday afzallik bermaydi. Sababi u yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Dunyoning aksariyat davlatlarida agar bayram kuni yakshanba (dam olish) kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda keyingi kun, ya’ni dushanba - dam olish kuni deb e’lon qilinadi. Ammo hozircha bizda bunday tartib yo‘q.

Navro‘z bayramiga kelsak, ushbu bayram ham shanba kunga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, shundoq ham haftasiga 5 kun ishlaydigan xodimlarga shanba dam olish kuni bo‘lar edi. Ammo Prezident Farmoniga binoan 23 mart – dushanba kuni barcha xodimlarga qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi.

Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida ma’lum qildi.

Shunday qilib, Navro‘z bayrami arafasida o‘zbekistonliklar 3 kun ketma-ket dam oladi:

21 mart – shanba (Navro‘z bayrami);

22 mart – yakshanba (dam olish kuni);

23 mart – dushanba (qo‘shimcha dam olish kuni).

Quyidagi suratda mart oyidagi ish va dam olish kunlari haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.