Endi bayram yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, qo‘shimcha dam berilishi mumkin

Qonunchilik palatasida O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar “Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini muhokama qildi. 

Agar dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, dam olish kuni bayramdan keyingi kunga ko‘chirilishi mumkin. Ya’ni, qonunchilikda belgilangan bayram kunlari agar yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib beriladi.

Qayd etilishicha, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar sohani huquqiy jihatdan tartibda solishni yanada mustahkamlashga, bu borada qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda mazkur qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng ma’qullangan. Endi loyihani Senat ham muhokama qilib, tasdiqlashi shart.

Eslatib o‘tamiz, mehnat qonunchiligi bo‘yicha 1 yanvar — Yangi yil, 8 mart — Xotin-qizlar kuni, 21 mart — Navro‘z bayrami, 9 may — Xotira va qadrlash kuni, 1 sentyabr — Mustaqillik kuni, 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni, 8 dekabr — Konstitutsiya kuni, shuningdek, Ro‘za hayit hamda Qurbon hayit bayramlarining birinchi kunlari bayram kunlari sanaladi.